AKT haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad nima?
Haftalik doirasida mahalliy kompaniyalar ishtiroki oshishining sababi nimada? Mazkur haftalik xotin-qizlarga qanday imkoniyatlar beradi?
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “ICT WEEK UZBEKISTAN-2024” Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi oldidan OAV xodimlari uchun AOKAda bo‘lib o‘tgan tadbirda shu kabi savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Ta’kidlandiki, bu yilgi haftalikda 50 davlatdan 200 nafardan ortiq kompaniya ishtirok etishi nazarda tutilgan.
2004 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbirning yildan-yilga formati kengayib, dasturi boyitib borilmoqda. O‘tgan yili haftalik doirasida ko‘rgazmalar 5 ming kvadrat metr joyga qilingan bo‘lsa, bu yil 10 ming kvadratdan oshdi.

– Bu yilgi AKT haftaligidan ko‘zlayotgan asosiy maqsadimiz ko‘proq chet ellik kompaniyalarni mahalliy kompaniyalarga bog‘lash, shu orqali O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish, yoshlar hamda biznes vakillarimizga ko‘proq imkoniyatlarni ochib berishdan iborat, – deydi raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov. – Mahalliy kompaniyalar ishtiroki oshishiga sabab qilib O‘zbekistonda IT sohasi infrastruktura nuqtai nazaridan ham, eksport imkoniyatlarimiz nuqtai nazaridan ham yutuqlarimizning oshib borayotganini ko‘rsatishimiz mumkin.

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova bu kabi haftalik AKT sohasida faoliyat yuritishni istovchi xotin-qizlar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochishini ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yilning 17-20 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur haftalik startaplar, autsourcing va investitsiya uchun eng yirik maydon, venchur dasturlar, BPO, elektron tijorat, sun’iy intellekt, IT yechim provayderlari, raqamlashtirish va davlat xizmatlari, davlat-xususiy sheriklik, AKT sohasida biznes hamkorlikni mustahkamlash kabi mavzularda 20 ga yaqin yirik forum va sammitlarni o‘z ichiga oladi.
N.Rahmonova, O‘zA