Akramjon Ne’matov: Markaziy Osiyoning zamonaviy mintaqaviy o‘zligi mushtarak qadriyatlar va kelajak haqidagi umumiy qarashlar asosida shakllanishi lozim
23-sentabr Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov davlat organlari, fuqarolik jamiyati, ekspert va akademik doiralar, yoshlar hamda xalqaro hamjamiyat vakillarini birlashtiruvchi yillik ochiq muloqot maydoni — “Intimak” haftaligida ishtirok etdi.
Joriy yilda “Ala-Too” xalqaro universitetida o‘tkazilayotgan forum “Mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish va tinchlikni barpo etishda yoshlar va xotin-qizlarning o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan. Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar bo‘yicha milliy agentlik tadbirning milliy hamkori hisoblanadi. Dasturdan ijtimoiy jipslikni mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim o‘zgarishiga bardoshlilikni oshirish hamda mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Tadbirlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ilmiy tadqiqot va ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ishtirokchilar qatnashmoqda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iz Respublikasi Davlat kotibi Arslan Koychiyev “Intimak” haftaligining tinchlik, o‘zaro anglashuv va jamiyatda totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi. U yoshlar va xotin-qizlarning mahalliy hamjamiyatlardagi ijobiy o‘zgarishlarning faol ishtirokchilari sifatidagi alohida o‘rnini qayd etdi.
2023-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Intimak” haftaligi davlat, fuqarolik jamiyati, xalqaro hamkorlar, mahalliy hamjamiyatlar, biznes, ommaviy axborot vositalari va ekspert doiralari o‘rtasida tinchlikni barpo etish hamda ijtimoiy jipslik masalalari yuzasidan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. Vaqt o‘tishi bilan tashabbusning mintaqaviy qamrovi kengayib bormoqda.
SMTI tomonidan hamkorlar bilan birgalikda 2025-yilda Farg‘onada o‘tkazilgan birinchi Farg‘ona tinchlik forumi ushbu jarayonning muhim bosqichi bo‘ldi. Uning doirasida O‘zbekistonda ilk bor maxsus “Intimak kuni” tashkil etildi. Tadbir davlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati, yoshlar va xotin-qizlar birlashmalari, akademik doiralar hamda xalqaro tashkilotlarni Farg‘ona vodiysida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash yo‘lida birlashtirdi.

Joriy haftalik doirasida Akramjon Ne’matov Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘zligini shakllantirish va mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyo: umumiy o‘tmishdan mushtarak kelajak sari” mavzusidagi maxsus sessiyada so‘zga chiqdi.
Sessiyada davlat organlari, universitetlar, ekspertlar hamjamiyati, fuqarolik jamiyati va yoshlar vakillari ishtirok etdi. Mintaqa mamlakatlari mutaxassislaridan iborat guruh tomonidan ishlab chiqilayotgan Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘zligini shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Muhokamalarda “Ala-Too” xalqaro universiteti vakillari bilan bir qatorda Bishkekdagi boshqa oliy ta’lim muassasalari — Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iz milliy universiteti, Qirg‘iziston xalqaro universiteti va Markaziy Osiyodagi xalqaro universitet talabalari ham qatnashdi. Bu yoshlar ishtirokidagi muhokamalar qamrovini kengaytirish hamda Qirg‘iziston poytaxtidagi turli oliy ta’lim muassasalari talabalarining qarashlarini inobatga olish imkonini berdi.
Muhokamalarda ta’kidlangandek, hujjat dastlabki bosqichdanoq bir mamlakat yoki alohida tahliliy markaz tashabbusi emas, balki Markaziy Osiyo vakillarining birgalikdagi intellektual faoliyati mahsuli sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Loyiha mintaqa mamlakatlari olimlari, ekspertlari, tahliliy tuzilmalari, fuqarolik jamiyati va yoshlar vakillari ishtirokida bir necha bosqichda muhokama qilindi. Har bir muhokama hujjatni mazmunan boyitish va turli yondashuvlarni hisobga olishga xizmat qildi.
Hujjatning yangilangan tahririda asosiy e’tibor yangi yoki milliy o‘zlikdan ustun turuvchi o‘zlikni sun’iy ravishda shakllantirishga emas, balki allaqachon mavjud bo‘lgan mintaqaga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan. Bu tuyg‘u o‘zaro chambarchas bog‘liq tarixiy-madaniy meros, bugungi hamkorlik tajribasi, mushtarak qadriyatlar va kelajak haqidagi umumiy qarashlarga tayanadi.
Mintaqaviy o‘zlik Markaziy Osiyodagi yaqinlashuv jarayonlari uchun keng ijtimoiy tayanch yaratishi, ularga barqaror va uzoq muddatli tus berishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Hamkorlik ta’lim, akademik mobillik, savdo, sayohatlar, qo‘shma loyihalar, madaniy va insoniy aloqalar orqali odamlar hayotida amaliy ahamiyat kasb etgan sari davlatlararo kelishuvlar ham mustahkamlanib boradi.
“Mintaqaviy o‘zlikni faqat hukumatlararo qarorlar bilan mustahkamlab bo‘lmaydi. U universitetlar, shaharlar, hududlar, tadbirkorlar, jurnalistlar, tadqiqotchilar, ijodiy doiralar, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida keng aloqalar tizimi shakllangandagina barqaror tus oladi”, — dedi A. Ne’matov.
Uning fikricha, zamonaviy mintaqaviy o‘zlik nafaqat tarixiy yaqinlikka, balki, avvalo, mushtarak qadriyatlar va kelajak haqidagi umumiy qarashlarga tayanashi lozim.
“Tarix bizni nimalar yaqinlashtirishini tushuntiradi. Bugungi hamkorlik birgalikda nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatadi. Kelajak haqidagi umumiy qarashlar esa eng muhim savolga — bugun mintaqaga daxldorlik tuyg‘usi bizga nima uchun zarur, degan savolga javob beradi”, — deya ta’kidladi SMTI vakili.
Shu bilan birga, mintaqaviy o‘zlik milliy o‘zlikning o‘rnini bosmaydigan, balki uni to‘ldiradigan daxldorlik darajasi sifatida qaralmoqda. Bu insonga o‘z mamlakati, madaniyati va an’analari bilan mustahkam aloqani saqlagan holda o‘zini umumiy Markaziy Osiyo makonining bir qismi sifatida anglash imkonini beradi.
Sessiyaning amaliy qismi interaktiv shaklda o‘tkazildi. Ekspertlar, olimlar, fuqarolik jamiyati va Bishkekdagi turli oliy ta’lim muassasalari talabalari guruhlarda ishlab, Konsepsiya loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
Ishtirokchilar ehtimoliy to‘siqlar va nozik yondashuvni talab etadigan masalalarni, shuningdek, mintaqaviy o‘zlik fuqarolarning kundalik hayotida namoyon bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlarni muhokama qildi. Mintaqa ichida barqaror aloqalarni shakllantirishda ta’lim, akademik almashinuvlar, yoshlar tashabbuslari va odamlar o‘rtasidagi bevosita muloqotning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Shu tariqa, yoshlar ishtiroki tadbir dasturining tarkibiy qismi bo‘lish bilan birga, Konsepsiyani mazmunan takomillashtirish vositalaridan biriga aylandi. Bishkekdagi turli oliy ta’lim muassasalari talabalarining jalb etilishi yoshlarning kengroq doiradagi qarashlarini ifoda etish imkonini berdi. Bu Markaziy Osiyo kelajagi masalalari bo‘yicha universitetlararo ochiq muloqotga ehtiyoj yuqori ekanini ham ko‘rsatdi.
Mazkur yondashuv hujjatni “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida takomillashtirishni davom ettirish imkonini berdi. Bunda jamiyat mintaqaviy mushtaraklikni shakllantirish jarayonining ob’ekti emas, balki bevosita ishtirokchisi va hammuallifi sifatida namoyon bo‘ladi.
Bishkekka tashrifi doirasida A. Ne’matov Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi rahbariyati — ijrochi direktor Katriona Gurley va boshqaruv a’zosi Diter fon Blarer bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanish sur’atlari, SMTI va PeaceNexus o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, shuningdek, ishonch, ijtimoiy jipslik va mintaqaviy o‘zlikni mustahkamlashga qaratilgan ekspertlik va jamoatchilik tashabbuslarini birgalikda qo‘llab-quvvatlash istiqbollarini muhokama qildi.
Jamg‘arma vakillari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida erishilgan jipslashuv darajasini yuqori baholab, mintaqaviy muloqot va tinchlikni barpo etishga qaratilgan tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. “Ala-Too” xalqaro universiteti rektori Nazira Yesenaliyeva bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida Markaziy Osiyo davlatlarining oliy ta’lim sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, akademik, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvlarini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Akademik mobillik va universitetlar o‘rtasidagi barqaror hamkorlik mintaqaviy mushtaraklikni mustahkamlashning muhim omillari ekani ta’kidlandi. Talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi muntazam aloqalar mintaqa mamlakatlari haqidagi o‘zaro bilim va tasavvurlarni boyitadi, yangi kasbiy va insoniy rishtalarni shakllantiradi hamda uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlik uchun amaliy asos yaratadi.
“Intimak” haftaligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tinchlikni barpo etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish, muloqotni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Tinchlikni barpo etish xabining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Mazkur xab tinchlikni barpo etish va ijtimoiy jipslik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan xalqaro va jamoat tashkilotlarini birlashtiradi. U faoliyatni muvofiqlashtirish, tajriba almashish va qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

SMTIning “Intimak” haftaligidagi ishtiroki institutning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkorlari va xalqaro tashkilotlar bilan olib borayotgan izchil ishlarining davomi bo‘ldi. Ushbu sa’y-harakatlar mintaqaviy yaqinlashuvning ijtimoiy asoslarini va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikdagi taraqqiyot makoni sifatida qaror toptirishga qaratilgan.
O‘zA