Akkreditatsiya sohasining zarurati nimada? (+video)
Akkreditatsiya lotincha so‘z bo‘lib, “ishonch” degan ma’noni anglatadi. Bundan kelib chiqadiki, akkreditatsiya jamiki mahsulotlarga bo‘lgan ishonchni ta’minlaydi. Akkreditatsiya — bu Yevropa va xalqaro standartlarga muvofiq malakaning rasmiy e’tirofi. Akkreditatsiya 50 yildan ortiq vaqt davomida tashkilotlarni baholashning aniq vositasi sifatida ishlatilgan va hozirda dunyoda keng qo‘llaniladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur sohada qanday ishlar olib borilmoqda, qanaqa yangiliklar joriy etilgan? O‘zbekiston akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olinganmi?
O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi davlat muassasasi direktori Ansabxon Zokirov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
— Ma’lumki, har bir davlat iqtisodiyoti oldida turgan muhim vazifalardan biri mamlakat eksport salohiyatini oshirish, jahondagi yangidan-yangi bozorlarga kirib borishdir. Ammo mamlakatlarning bozor borasidagi o‘z qonun-qoidalari, qonunchilik hujjatlari, tovar va mahsulotlar kirib kelishiga aloqador talablari, soha tilida aytganda, “texnik to‘siqlar” mavjud. Bu to‘siqlarni bartaraf etish uchun Akkreditatsiya markazi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Natijalar qanday?
— Har bir davlat ichki mahsulotini himoya qiladi. Mahsulot sifat ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgandagina xaridorgir bo‘ladi. Xorijdan mahsulot eksport qilayotganda uning xalqaro standartlar talabiga javob berishini ta’minlashimiz kerak. Misol uchun, tovarlarni xorijga eksport qildik, xalqaro standartlarga javob beryapti. Qo‘shimcha hujjatlarni rasmiylashtirib qo‘ydik. Endi xorij bozoriga shu mahsulotlarni olib kirganda quruq gapga ishonmaydi. Albatta, har bir davlatning ichki siyosati, import tovarga ichki tartibi bor. Xorijlik biznes vakillari import qilgan tovarlari sifatli ekanligini isbotlab berish kerak. Avvalo, eksport qilingan mahsulot tekshiruvlardan o‘tkazilganda sifatli deb topilsa, sinov bayonnomalari, sertifikat va boshqa hujjatlar beriladi. Mahsulot sifatini tekshiruvdan o‘tkazgan laboratoriyalar akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng xorijiy hamkorning bu mahsulotga ishonchi ortadi va uni o‘zining ichki bozoriga olib kiradi. Mana shu yerda akkreditatsiya birinchi o‘ringa chiqadi.
Akkreditatsiya mahsulotlar, xizmatlar va iste’molchi uchun yetkazib beriladigan tovarlar, xizmatlarning sifatiga bo‘lgan ishonchni kafolatlovchi mexanizm hisoblanadi. Biz iste’mol qilayotgan barcha mahsulotlar va xizmatlar davlat tomonidan belgilangan ma’lum bir talablarga javob berishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda 286 ta sinov laboratoriyalari, 115 ta mahsulotlar sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari akkreditatsiya qilingan. Mazkur idoralarning sinov bayonnomalari, sertifikatlari, rasmiylashtirgan hujjatlari xorijda tan olinishi kerak. Buning uchun akkreditatsiya idorasining o‘zi xorijda tan olingan bo‘lishi lozim. Bu borada o‘tgan 5 yil davomida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
— O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olinganmi?
— O‘zbekiston akkreditatsiya markazi 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan holda 2020 yil aprel oyida ILAC — Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi tashkilotining haqiqiy muxbir a’zosi sifatida tan olingan. 2020 yil dekabr oyida esa IAF a’zoligiga qabul qilindi.
Markaz oldida turgan keyingi vazifalardan biri mazkur xalqaro tashkilotlar doirasida amal qiluvchi akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimlarga (ILAC-MRA va IAF MLA) qo‘shilish va bu orqali mahalliy mahsulotlar eksport salohiyatini oshirish hamda jahon bozorida to‘siqlarsiz e’tirof etilishini ta’minlashdan iborat edi. Ushbu natijaga erishish uchun Markaz o‘z faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, xalqaro miqyosda talab qilinadigan barcha vazifalarni bajarish, bitimlarga a’zo bo‘lgan davlatning tajribalarini o‘rganish, faoliyatini yanada takomillashtirishga e’tibor qaratdi. Mutaxassislarning malakasi oshirildi, laboratoriya xodimlari uchun ham qator o‘quv-mashg‘ulotlari olib borildi.
2022 yilning yanvar oyidan mart oyiga qadar 8 xalqaro ekspert (Hongkong, Hindiston, Tayvan, Eron, Malayziya, Shri-Lanka, Filippin, Indoneziya) O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyatini baholashdan o‘tkazib, xulosalarini berdi. Umumiy hisobda Markaz faoliyati qoniqarli baholanib, kamchiliklar borasida tavsiyalar berildi. Ushbu kamchiliklar atroflicha o‘rganilib, bartaraf etildi va natijalar yozma ravishda xalqaro tashkilotlarga taqdim etildi.
Barcha sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, 2022 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ILACning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi va ISO/IEC 17011:2017 xalqaro standarti talablari hamda ILAC tartib-taomillariga muvofiq, ISO/IEC 17025 sinov ISO/IEC 17025 kalibrlash sohalarida akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimga qo‘shildi. O‘zbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga yo‘l ochildi.
2022 yilning 28 sentyabr kuni esa yana bir nufuzli tashkilot — Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF)ning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi va IAF tartib-taomillariga muvofiq mahsulotni sertifikatlashtirish, menejment tizimini sertifikatlashtirish sohalarida akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimga qo‘shildi.
Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi tashkiloti 4 ta yirik mintaqaviy idoradan (Yevropa, Markaziy Amerika, Afrika va Osiyo Tinch okeani) tashkil topgan. Bugungi kunda dunyoning 116 ta davlati ushbu xalqaro tashkilotning to‘la huquqli a’zosi hisoblanadi. Ya’ni, “ILAC MRA” – “Sinovlarni o‘zaro tan olish bitimi”ga qo‘shilgan.
— Agar qon tahlili uchun 5 ta tibbiy diagnostika laboratoriyasiga qon topshirilsa, 5 xil natija chiqadi. Shifokor qaysi biriga ishonishni bilmaydi. Bu kabi xatoliklarning oldini olish uchun tibbiy diagnostika laboratoriyalarini majburiy akkreditatsiyadan o‘tkazsa bo‘lmaydimi?
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/IaIBOYnkP8U" title="Akkreditatsiya sohasining zarurati nimada?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>— Qonunchiligimizga ko‘ra, akkreditatsiya ixtiyoriy etib belgilangan. Dunyo miqyosida ham akkreditatsiya ixtiyoriy hisoblanadi. Akkreditatsiyadan majburlab o‘tkazish akkreditatsiya natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo akkreditatsiyadan o‘tkazish majburiy bo‘lgan idoralar ham bor. Bu ma’lum bir hujjatlarda belgilangan holda o‘tkaziladi. Bu xorijiy davlatlar amaliyotida ham qo‘llaniladi.
Lekin imkon qadar majburiy akkreditatsiyadan uzoqlashib, ixtiyoriy tus berish ma’qul bo‘ladi. Bu esa birdan bo‘ladigan ish emas, jamiyatning, iqtisodiyotning rivojlanishi natijasida erishiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA