Akademiyada ta’lim olish eng katta orzuim
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida vazirlik tasarrufidagi akademik litseylar o‘quvchilari uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida joriy yilning 15 yanvar kuniga qadar “Vatanparvarlik oyligi” o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida vazirlik tasarrufidagi akademik litseylar o‘quvchilari uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Akademiya saf maydonida davlatimiz madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Ta’lim muassasasi kursantlari va o‘quvchilar bosh qo‘shig‘imizni jo‘rovozda, faxr va g‘urur bilan kuylashdi. Saf maydoni bo‘ylab tantanali yurish yosh o‘g‘il-qizlar qalbida yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa xalqaro arenalarda zafar quchayotgan umidli sportchilarimizning ko‘rgazmali chiqishlari barchada yorqin taassurot qoldirdi.
So‘ng o‘quvchilar uchun ichki ishlar organlarida qo‘llaniladigan maxsus himoya vositalari ko‘rgazmasi tashkil etilib, Akademiyaning ta’lim jarayoniga tatbiq etilayotgan innovatsiya yutuqlari, xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda kursant-tinglovchilarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islohotlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
– Akademiyada ta’lim olish eng katta orzuim, – deydi IIV tasarrufidagi 2-sonli akademik litsey o‘quvchisi Durdona Adhamova. – Bu yerda bilim olib, sport bilan shug‘ullanishimiz, tanlagan kasbimizning yetuk mutaxassisi bo‘lib kamol topishimiz uchun hamma imkoniyatlar mavjud ekan. Ayniqsa kursant aka va opalarimning shijoati, shaxdam va mardonavor yurishlari, ona Vatanimizni madh etib qo‘shiq kuylashlari bizga ibrat bo‘ldi.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 28 yilligiga bag‘ishlab Akademiya kursantlari o‘rtasida jismoniy va jangovar tayyorgarlik bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Unda jamoalar yugurish, tosh ko‘tarish, to‘sinda tortilish, arqon tortish va suzish, shuningdek jangovar qurollarni qismlarga ajratib-yig‘ish hamda o‘q otish bo‘yicha bellashdi. Kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida g‘oliblik ta’lim muassasasining 3-kurs jamoasiga nasib qildi.
“Vatanparvarlik oyligi” doirasida galdagi tadbir Akademiya o‘quv poligonida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shu kuni o‘quvchi yoshlar fakultet tinglovchilari uchun dala poligonida yaratilgan shart-sharoitlar, nazariy va amaliy mashg‘ulot xonalari, sport-sog‘lomlashtirish seksiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan tayyorlangan hujjatli film namoyishi esa yoshlarning ta’lim muassasasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘quvchilar Akademiya faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassislar tayyorlash jarayonidagi yangilanishlar borasida batafsil ma’lumotga ega bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbir davomida jangovar qurollar namoyishi hamda o‘q otish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Ayniqsa sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha zafar quchib kelayotgan tinglovchilarning chiqishlari o‘quvchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati xodimi