Ajdodlar qahramonligi rassomlar nigohida
Jasorat unutilmaydi, matonat mangu yashaydi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosini yengishda O‘zbekiston farzandlari ham munosib hissa qo‘shdilar.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yili poytaxtimizda bunyod etilgan "G‘alaba" yodgorlik majmuasi, uning tarkibidagi "Shon-sharaf" davlat muzeyi bobolarimiz, umuman, o‘zbekistonliklarning jasorati, o‘sha og‘ir damlardagi matonati biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ancha zalvorli ekanini yana bir karra namoyish etmoqda. Shu sababli bu maskanga kelgan har bir inson qalbida cheksiz hayajon yuzaga kelishi tabiiy.

Joriy yilning 5 may kuni “G‘alaba bog‘i”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, yoshlarda tinchlik va farovonlik kabi ne’matning qadriga yetish va uni yanada mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik hissida tarbiyalash maqsadida ajoyib ko‘rgazma tashkil etildi.
“Ajdodlar qahramonligi yosh rassomlar nigohida" mavzusida o‘tkazilgan yosh musavvir ijodkorlar ko‘rik-tanlovi hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbir kattayu kichikni befarq qoldirmadi.

Tanlovda Toshkent shahrida ijod qilayotgan 60 nafardan ortiq yosh rassom ishtirok etdi. Ular shu yerning o‘zida rasm chizish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbir davomida kitoblar yarmarkasi, fotoko‘rgazma ham tashkil etildi. Tanlov so‘nggida ijodi eng yaxshi deb topilgan yosh g‘oliblar Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari, kitoblar jamlanmalari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
Ha, bu kabi ko‘rgazmalar, ma’rifiy tadbirlar tinchlik, osoyishta hayot, tani sihatlikning qadriga yetishga undashi bilan ham qadrlidir.

N Usmonova, O‘zA