"Ajdodlar izidan" intellektual o‘yini
Mudofaa vazirligining Termiz garnizoni harbiy qism madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yinida Surxondaryo viloyatidagi kuch tuzilmalaridan iborat jamoalar o‘zaro kuch sinashdi.
Mazkur turnir yosh harbiy xizmatchilar, xodimlar va kursantlarning milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi hamda turli davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar shon-shuhratini tarixiy dalillar asosida zamondoshlar ong-u xotirasida mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Maqsad bu mavzudagi qiziqarli ma’lumotlarni keng ommaga yetkazish, jang san’ati sirlarini o‘rganishda kitob o‘qishning ahamiyatini targ‘ib qilishdir.

Intellektual o‘yin ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘limda 15 tadan, jami 30 ta savol o‘ynaldi. Bo‘limlar oralig‘ida jamoalarga dam olishi uchun 5 daqiqa vaqt ajratildi.

Viloyat bojxona boshqarmasi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi jamoasiga ikkinchi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari jamoasiga uchinchi o‘rin nasib etdi.


Intellektual o‘yin ishtirokchilari va yoshlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, zamonaviy qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri