Ajdodlar xotirasi muqaddas
31-avgust tongida “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizni yod etish marosimi o‘tkazildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida el-yurtimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning pok nomlarini tiklash, ruhlarini shod, qadamjolarini obod etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.Sobiq mustabid tuzum davrida xalqimizning yuzlab asl farzandlari nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan Toshkent shahrining Bo‘zsuv sohilidagi qarovsiz joy davlatimiz rahbari tashabbusi bilan obod ziyoratgohga aylantirildi. 2000-yilda bu yerda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui bunyod etildi. Majmua tarkibida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil qilindi. 31-avgustni Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash ezgu an’anaga aylandi.
Ushbu an’anaga ko‘ra 31-avgust tongida “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizni yod etish marosimi o‘tkazildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
Mana shunday muborak joylarda, xalqimiz ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ming-minglab vatandoshlarimizni eslar ekanmiz, bugungi tinch hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayoldan o‘tadi. Ular bir umr orzu qilgan, bugungi avlodga nasib etgan mustaqillik, erkin va farovon hayotning ahamiyatini teranroq anglaymiz.
Davlatimiz rahbari ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatda bugungi kunda mamlakatimiz va jahonda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, oldimizda turgan muhim vazifalar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Bugun hayot shiddat bilan juda tez o‘zgarib boryapti. Ertaga bizni qanday xursandchilik va quvonch, ayni vaqtda qanday tashvish va muammolar kutayotganini oldindan aytish albatta qiyin, – dedi davlatimiz rahbari. – Lekin biz hayotdan doimo yaxshilik kutib, boshqalarga ham yaxshilik tilab yashaydigan xalqmiz. Shuning uchun ham ertangi kunimizning bugungidan ko‘ra yorug‘, tinch va farovon bo‘lishini orzu qilamiz, shu yo‘lda o‘zimizni ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Barqaror taraqqiyot yo‘lidan izchil qadamlar bilan borayotgan O‘zbekistonimizning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari barchamizga haqli ravishda g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda. Biz qo‘lga kiritgan ulkan natijalarni jahon hamjamiyati, bizga xayrixoh bo‘lgan do‘stlarimiz ham, xayrixoh bo‘lmaganlar ham tan olmoqda.
Lekin ana shunday yuksak marralarga biz osonlik bilan erishganimiz yo‘q. Bu yo‘lda qanday og‘ir sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga, tunu kun tinim bilmasdan, qanday fidokorona mehnat qilishga to‘g‘ri kelganini xalqimiz yaxshi biladi va munosib qadrlaydi.
O‘tgan davr mobaynida bizning erkin va ozod hayotimizni ko‘rolmaydigan, bizni o‘z tanlab olgan yo‘limizdan qaytarishga, el-yurtimizni yana qaramlik changaliga solishga urinadigan turli g‘arazli kuchlarning yovuz xurujlarini ham boshimizdan kechirdik. Ularning niyati – avvalo xalqimiz o‘rtasiga nifoq solish, yoshlarimizning ongini, dunyoqarashini buzish, bolalarimizni o‘z ota-onalariga, ajdodlariga qarshi qo‘yishdan, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni hayotdan noumid qilishdan iborat bo‘lganini, bunday kuchlar hozir ham payt poylab yurganini hech qachon unutmasligimiz, doimo ogoh, sergak, ma’naviy uyg‘oq bo‘lib yashashimiz kerak, deb ta’kidladi Yurtboshimiz.
Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o‘rtasida kuchayib borayotgan o‘zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi.
Bunday holatlarning kelib chiqish sabablarini, ularning fojiali oqibatlarini chuqur tushunib, anglab olishda, keng jamoatchiligimiz, mo‘min-musulmonlarga yetkazishda hurmatli ulamolarimiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasining xodimlari yanada faollik va jonbozlik ko‘rsatsalar, ayni muddao bo‘lur edi. Diniy qadriyatlarning, ezgulikning, insoniyatning dushmani bo‘lgan yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, buzg‘unchi oqimlarni jilovlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan olijanob xalqimizning tinch hayotini har qanday balo-qazolardan asrashga o‘z hissamizni qo‘shish – bugungi kundagi eng dolzarb vazifamiz bo‘lishi kerak, deb so‘zini davom ettirdi mamlakatimiz rahbari.
Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi tuzilmalari, imom-xatiblarimizning hayot bilan hamqadam bo‘lib ish olib borishlari, o‘z faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har bir musulmon dunyoda nima bo‘layotganidan xabardor bo‘lib, xavf-xatarlardan ogoh bo‘lib, ularning oldini olish, bartaraf etish uchun, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo‘lida kurashib yashashi zarurligini hayotning o‘zi talab etmoqda.
Bu kurashning zamirida avvalo jamiyatimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, millatlar va fuqarolar o‘rtasidagi hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlarimiz mujassam bo‘lishi zarur deb bilaman. Qarang, mehr va oqibat degan, doimo yonma-yon keladigan bu ikki so‘zda qanday chuqur ma’no bor. Ya’ni, mehr ko‘rsatgan, yaxshilik qilgan odam albatta boshqalardan oqibat va yaxshilik ko‘radi, har tomonlama hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi.
Oldimizda turgan mana shunday katta vazifalar haqida hurmatli ulamolarimiz muqaddas maskanlarda, masalan, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy markazida to‘planib, jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro kengashib, maslahatlashib olishsa, maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Bugun, mustaqilligimizning 23-yillik ayyomini nishonlayotgan qutlug‘ bir kunda mening tilagim, ezgu niyatim bitta: ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash, bag‘rikeng, olijanob xalqimiz omon, yurtimiz tinch bo‘lsin, barcha ezgu ishlarimizda Yaratganimizning o‘zi madadkor bo‘lsin, dedi pirovardida Yurtboshimiz.
Shu kuni Prezidentimiz Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, ozodligimiz, yorug‘ kelajagimiz va pok niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.