Aholining xavfsiz yashashiga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
Parlament quyi palatasi majlisida deputatlar qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda fuqarolarning noqonuniy yashashiga ruxsat berish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarda fuqarolarning noqonuniy yashashiga ruxsat berish holatlari uchramoqda.
Mazkur holatlar fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, sohada faoliyat yuritayotgan sub’ektlarning mas’uliyatini yanada oshirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirishni talab etmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylarning qurilishiga mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachi va pudratchilarga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklashni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratini e’tiborga olib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Shuningdek, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritilmoqda. Ya’ni, respublikamiz hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmagan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, tasdiqnomada belgilanmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlikni belgilash hamda ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi taklif qilinmoqda.
Mazkur qonun loyihasi mehnat munosabatlari sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
N.Nasriyev,
O‘zA