Aholining gaz ta’minoti yaxshilanmoqda
Tabiiy va suyultirilgan gaz ishonchli, arzon yoqilg‘i sifatida obod hayotimizni ta’minlashning muhim mezonlaridan biriga aylangan. Olis va chekka qishloqlarda ham kundalik turmushni gaz yoqilg‘isisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Surxondaryo viloyatida ham aholi va ulgurji iste’molchilarni gaz resurslari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, ularga bir me’yorda arzon yoqilg‘i yetkazib berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda vohada 130 ming 977 xonadon, 2 ming 557 ulgurji iste’molchi tabiiy, 459 ming 329 oila suyultirilgan gazdan foydalanmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, energiya resurslarida bozor tamoyillarini joriy etish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan. Bu vazifalarni so‘zsiz bajarish uchun viloyat gazchilari ishni mahalladan boshlab, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirayotir. Iste’molchilarning talab va takliflari, yoqilg‘iga ehtiyoji alohida e’tiborga olinmoqda.
Bu jarayonda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining tegishli qaroriga muvofiq iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari yangi bosqichga olib chiqildi. Ixcham va samarali boshqaruv tizimiga o‘tildi. Bunda mahallalar ta’minotidagi texnologik infratuzilma imkoniyatlaridan keng foydalanilib, yo‘qotishlarning oldini olishga, gaz ta’minoti ob’ektlarini estetik jihatdan tartibga solishga alohida e’tibor berilmoqda. Quyi tizim xodimlarining shtat birligi ko‘paytirilib, filialning tuman va shahargaz gaz ta’minoti bo‘limlariga mahallabay ishlash xizmatlari tashkil etildi. Hudud ustasi, mahalla gazchisi, operator shtat birliklari joriy qilindi.

– Sohada yuz bergan bunday o‘zgarishlar gaz iste’molida xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda,–deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov. – Suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoj sezayotgan iste’molchilarni maishiy gaz ballon bilan ta’minlash sifati oshmoqda. O‘rganishlarga ko‘ra, bu yil viloyatda ehtiyoji bor xonadonlarga uch ming dona maishiy gaz ballon yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozirgacha qariyb besh yuz dona gaz ballon taqsimlandi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning birinchi choragida aholi va ulgurji istemolchilar 219 million 259 ming kub-metr tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Tabiiy yoqilg‘ining 122 million 26 ming kub-metri aholiga, 97 million 233 ming kub-metri ulgurji iste’molchilarga yetkazib berilgan. Shuningdek, iste’molchilar 18 million 738 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.
Agar bu raqamlarni qiyoslasangiz, vohada iste’molchilarni gaz yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash o‘tgan yillarga nisbatan ancha oshgani kuzatiladi. “Mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini berayotgani ko‘zga tashlanadi. Zero, viloyatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga bir me’yorda tabiiy hamda suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish uchun tizimda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangidan gaz quvurlari tortilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir. Gaz tanqis hududlardagi aholi xonadonlariga maishiy gaz ballon o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Bu borada olib borilayotgan barcha ishlar inson qadrini ulug‘lash va aholining hayotidan rozi bo‘lib yashashiga qaratilgandir
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri