Aholining ahilligi muammoni hal qildi
Sirdaryo viloyati Guliston tumanining Zarbdor va Furqat mahallalari aholisi yillar davomida hal etilmasdan kelayotgan muhim muammoni bartaraf etishda faol ishtirok etib, o‘z jipsligi va tashabbuskorligini namoyon etdi.
Mahalladagi oilaviy shifokorlik punktlarining ayanchli ahvoli aholi uchun ko‘p yillar davomida turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Zamonaviy tibbiy jihozlar, qulay shart-sharoitlar va munosib infratuzilmaning yo‘qligi sababli fuqarolar zarur tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lish uchun uzoqda joylashgan boshqa tibbiyot muassasalariga murojaat qilishga majbur bo‘lardi.

2024 yilda mazkur muammoni hal etish maqsadida mahalla fuqarolari “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol ishtirok etdi. Birinchi bosqichda ular 1 milliard 350 million so‘mlik loyiha bilan g‘olib bo‘ldi. Shundan 500 million so‘m miqdoridagi mablag‘ 12-sonli oilaviy poliklinika, 650 million so‘m miqdoridagi mablag‘ 14-sonli oilaviy poliklinika, 210 million so‘m miqdordagi mablag‘ tuman tibbiyot birlashmasi ma’muriy binosini ta’mirlash uchun yo‘naltirildi.
Ikkinchi bosqichda esa 1 milliard 354 million so‘mlik qo‘shimcha mablag‘ yutib olinib, ushbu mablag‘lar hisobidan zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilindi va aholi uchun yuqori sifatli qulay shart-sharoitlar yaratildi.

– Aholi va tibbiyot xodimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari samarasida muassasalarimiz tubdan yangilandi. Zamonaviy va shinam binolar barpo etildi. Eng muhimi, aholimiz endilikda o‘z hududida sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi,–deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Rahmatulla Egamberdiyev.
Haqiqatdan ham, bu loyiha mahalliy aholining ko‘p yillik muammosiga yechim bo‘ldi. Fuqarolar endi tibbiy xizmat qidirib uzoq yo‘l bosishga majbur emas – barcha sharoitlar o‘z mahallalarida yaratildi.

“Tashabbusli byudjet” – bu xalqning fikri, ehtiyoji va tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin namunasi bo‘lmoqda. U nafaqat tibbiy infratuzilmani yaxshilashga, balki fuqarolarni jamoaviy qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga undamoqda.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari