Aholini ro‘yxatga oluvchi xodimlarning malakasi oshirilmoqda
Yurtimizda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kelgusi yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorga asosan joriy yilning 1 avgustidan 3 avgustiga qadar respublikamizning barcha hududlarida turar joylar va binolar ro‘yxatini tuzish va registratorlik uchastkasining sxematik rejasiga aniqlik kiritish bo‘yicha maxsus o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrining barcha hududlarida ro‘yxatga olish bo‘limi xodimlari tomondan uy-joylarni ro‘yxatga oluvchi xodim (registrator)larga o‘quv amaliy seminarlar boshlandi. Mazkur seminarlarda Toshkent shahri bo‘yicha 230 nafar registrator qamrab olingan
Aytish lozimki, seminar-treninglar davomida registratorlar o‘zlariga biriktirilgan uchastkani xatlovdan o‘tkazish, ya’ni respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) yoki yashashi mumkin bo‘lgan barcha binolar ro‘yxatini aniqlash, kartografik materiallarni qiyosiy tekshirish, ularga tegishli belgi qo‘yish va zarur hollarda o‘zgartirishlar kiritishga oid bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
M.Komilova, O‘zA