Aholiga xizmat ko‘rsatish yaxshilanmoqda
Farmon va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 20 dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Buxoro shahrida yana bir yigirma to‘rt soat faoliyat yuritadigan ko‘cha tashkil qilinadi.

Shuningdek, farmon bilan har bir tuman va shaharda hududning iqtisodiy o‘sishiga turtki beruvchi sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan drayver loyihalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.

Hozirda, Buxoro shahrida ham tasdiqlangan drayver loyihalarni ishga tushirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri viloyat markazidagi Nizomiy Ganjaviy mahallasi Sadriddin Ayniy ko‘chasida 24/7 rejimda ishlaydigan ko‘cha hisoblanadi. Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritadigan mazkur ko‘chada infratuzilma tadbirlarini amalga oshirish uchun 2 894,6 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Mazkur mablag‘lar hisobidan bitta transformator o‘rnatish, elektr tarmoqlari tortish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, zamonaviy yoritgich chiroqlari o‘rnatish, piyodalar yo‘lagi qurish, bolalar maydonchasi va vorkaut, bruschatka bilan qoplash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Buning natijasida 26 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil qilinadi, 40 ta tadbirkorlarning faoliyati kengayadi, 24 ta ko‘chma savdo shoxobchalari tashkil qilinadi, 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Buning natijasida byudjetga qo‘shimcha 500 million so‘m soliq tushimi tushishiga erishiladi.
Ushbu loyiha nafaqat Buxoroning turizm salohiyatini oshirish, balki mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.