Aholiga davlat xizmatlari bir joyda
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi arafasida Guliston tuman adliya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbir “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi xayrli tadbir bilan boshlandi. Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev va viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev adliya bo‘limi hovlisida ko‘chat o‘tqazishdi.

Ochilish marosimida mamlakatimizda davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirildi.
Ishtirokchilar milliy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unligida bunyod etilgan adliya binosida yaratilgan qulaylik, shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Yangi binoda Adliya bo‘limi, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi va Davlat xizmatlari markazining bir joyda bo‘lishi hudud aholisiga yanada qulaylik yaratadi.
Ushbu binoda fuqarolar va tadbirkorlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, aholiga tezkor, shaffof, sifatli davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Yangi binoda murojaatchilarga bir vaqtning o‘zida 8 ta xizmat ko‘rsatish oynasida 400 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatiladi. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish hamda mini-kutubxona ham tashkil qilinib, maxsus adabiyotlar bilan boyitilgan, Wi-Fi hududi mavjudligi esa aholi uchun yana bir qulaylikdir.
Ayniqsa, bu yerga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlari mazmunli o‘tishiga yordam beradi. Xizmat ko‘rsatish zalida har qanday faslda xona haroratini mo‘’tadil saqlab turish ham alohida e’tiborga olingan. Shuningdek, «Madad» NNT orqali aholining turli qatlamlariga huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri