Aholi uchun muhim qulaylik...
Ushbu qaror bo‘yicha elektr, gaz, issiq va sovuq suv o‘lchash vositalari metrologiya xizmati ko‘rsatish korxonasi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan qiyoslashdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi «Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, energo resurslarni (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni) hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu qaror bo‘yicha elektr, gaz, issiq va sovuq suv o‘lchash vositalari metrologiya xizmati ko‘rsatish korxonasi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan qiyoslashdan o‘tkaziladi.
Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib olish va qiyoslash ishlari yakunlangandan so‘ng joyiga o‘rnatish ishlari faqatgina ta’minotchi korxonalar tomonidan iste’molchi bilan kelishilgan vaqtda, uning ishtirokida tegishli dalolatnoma tuzgan holda bajariladi.
Diqqat qiling, xonadon egasi uydagi o‘lchash vosita (hisoblagich)larini yechib olish, metrologiya xizmatiga taqdim etish va qayta o‘z o‘rniga o‘rnatish tashvishlaridan ozod qilingan. Barcha harakatlar iste’molchining birgina murojaati va belgilangan to‘lovi asosida tegishli korxona va muassasalar xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
HISOBLAGICHLARNING QIYOSLASHLAR ARO DAVRIYLIGI
Jismoniy shaxslar uchun - 8 yil;
Yuridik shaxslar uchun - 4 yilni tashkil etadi.
(Eslatib o‘tamiz: hisobga olish uskunalariga 2019 yil 1 noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati o‘z kuchida qoladi).
Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosini ta’minlash maqsadida murojaatlar bilan ishlash uchun metrologiya.nim.uz dasturiy ta’minoti yaratilgan. Ayni damda dasturiy ta’minot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilingan bo‘lib, ushbu tizimidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu dasturiy ta’minotga yangi funksiya qo‘shildi. Ushbu funksiya yordamida qiyoslash uchun ariza bergan iste’molchi o‘zining maxsus ID raqamini kiritish orqali metrologik xizmat ko‘rsatish ishlari qanday statusda ekanligi yoki xulosasini olishi mumkin.
Hozirda ushbu funksiyadan ko‘pgina iste’molchilar hamda ta’minotchilar muntazam foydalanib kelmoqda.
Yangi dasturiy ta’minot yordamida hisoblagichlar uchun rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomalar elektron shaklda bazada saqlangan xolda rasmiylashtirilmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, aholi uchun qulaylik, rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomani soxtalashtirishning oldini olish, rasmiylashtirilgan sertifikat yoki xabarnomani istalgan vaqtda internet yordamida bazadan olish, yo‘qolgan sertifikat yoki xabarnomalarni osongina yuklab olish imkoniyatlarini beradi.
Iste’molchilarga qulaylik maqsadida hisoblagichlarni davlat metrologik qiyoslovidan o‘tkazilgandan so‘ng rasmiylashtirilgan elektron shakldagi sertifikat yoki xabarnoma asliga to‘g‘riligini tekshirish va ishonch hosil qilish uchun maxsus QR-kod tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Maxsus QR-koddan foydalanish uchun iste’molchi o‘z telefoni yordamida to‘rtburchak shakldagi QR-kodni skanerlasa kifoya.
Azamat To‘rayev,
O‘zbekiston milliy metrologiya
instituti Matbuot xizmati rahbari