Aholi tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazilmoqda
Toshkent shahar xokimligi tomonidan shahrimiz bo‘ylab "Obod mahalla, obod ko‘cha, obod xonadon" dasturi doirasida aholi salomatligi, turmush darajasini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Bunda alohida e’tibor xotin - qizlar, qariyalar va bolalarga qaratilmoqda.
Xususan, Yangihayot tumani Xushnud mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Ko‘rik davomida aholi laboratoriya tahlillarini topshirish, tor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish, zarur dori - darmonlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularga sog‘lom turmush tarzining mohiyati, foydasi tushuntirildi.
Shunday tadbirlardan yana biri Olmazor tumani Yoshlik mahallasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xotin - qizlarni qiynayotgan masala va muammolar o‘rganildi.
Murojaatlarning tezkor yechimi tegishliligi bo‘yicha mas’ullar zimmasiga yuklatildi. Ijrosi esa nazoratga olindi.
Tibbiy ko‘riklar rejali tarzda boshqa mahallalarda ham bo‘lib o‘tmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA