Aholi muammolari o‘rganilib, yechimlar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi shaxsiy qabuli o‘tkazildi. Unda 167 nafar fuqaro o‘zini qiynayotgan turli masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Ko‘tarilgan masalalarning aksariyati aholining kundalik turmushi va ijtimoiy ehtiyojlari bilan bog‘liq. Uy-joy, bandlik, ish haqi, yer va kadastr, kredit, ta’lim, tibbiy yordam hamda ichimlik suvi ta’minoti shular jumlasidandir.
Ayniqsa, uy-joyga oid masalalar salmoqli bo‘ldi. 29 nafar fuqaro xonadon bilan ta’minlash, mavjud uylarni ta’mirlash yoki chala qolgan qurilishlarni yakunlashda amaliy ko‘mak so‘radi. Yer va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kredit olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham bildirildi.

— Bugungi qabulda 167 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Ularning har biri ortida alohida oilaning tashvishi va hal etilishini kutayotgan ehtiyoji bor. Shu bois har bir holatni chuqur o‘rganib, amaliy yechim belgilashga e’tibor qaratildi. Mas’ullarga aniq vazifalar topshirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Fuqarolarni uy-joy, bandlik, ish haqi, yer va kadastr, kredit, ta’lim kontrakti, tibbiy yordam hamda ichimlik suvi bilan bog‘liq masalalarda qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat berildi. Asosiy mezon — murojaatlar soni emas, ularning natijador hal etilishidir, — deydi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manuchehr Mirzayev.
Bandlik va mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq 20 ta murojaat qayd etildi. Shundan 12 tasi ish bilan ta’minlash, 8 tasi esa o‘z vaqtida to‘lanmayotgan ish haqiga taalluqli. Ijtimoiy yo‘nalishda farzandlarining o‘qish kontrakti uchun ko‘mak, og‘ir xastalikka chalingan yaqinlarini davolatish, shuningdek, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Har bir holat bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va ijro muddatlari belgilab berildi. Topshiriqlarning bajarilishi viloyat rahbari nazoratiga olindi. Qabulda bildirilgan har bir fikr ortida inson va uning oilasi manfaati turgani inobatga olinib, ko‘tarilgan masalalarni aniq choralar asosida hal etishga qaror qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri