Aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
“Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Toshkent viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi shifokorlari tomonidan aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti.
Toshkent tumanining 23-sonli oilaviy poliklinikasida tashkil etilgan navbatdagi tibbiy ko‘rikda "Avliyo ota" va "Rahbarobod" mahallalari aholisining salomatligi tekshirildi. Shundan ayollar – 47 nafarni tashkil etdi. Jarayonda 15 nafar aholi EKG ko‘rigidan o‘tkazildi va 56 nafar aholiga bepul dori-darmonlar tarqatildi.
– Mahallamizga shifokorlar kelib, tibbiy ko‘rik o‘tkazganidan juda xursandmiz, – deydi Gulchehra Tillayeva. – Ko‘zim yaxshi ko‘ra olmasligidan aziyat chekaman. Tekshiruvda malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Salomatligimni yaxshilash uchun zarur tavsiya va maslahatlar, dori-darmonlar va ko‘zoynak berishdi. Bundan juda xursandman.
[gallery-10920]
Ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish to‘g‘risidagi qarorga asosan amalga oshirilayotgan ushbu tibbiy ko‘riklar doirasida mahalla aholisining tibbiy-ijtimoiy muammolari muhokama qilindi. Shu bilan birga, shifokorlar tomonidan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA