Aholi bandligini ta’minlash muhim vazifa
Andijonda “Meri Porpins” kadrlar agentligi viloyat filiali ish boshladi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tayyorlash, shu orqali aholi bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kadrlar agentligi ham ana shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi xo‘jalik sub’ekti sifatida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi agentlik asosan, xotin-qizlarni turli kasb va hunarlarga o‘qitish bilan shug‘ullanadi.
[gallery-2995]
– Filialimiz qoshida tashkil etilgan “New Opportunity” nodavlat ta’lim markazida uy xizmatchilari, ofis, restoran va mehmonxona servis xizmatlari ko‘rsatish singari o‘nga yaqin yo‘nalish bo‘yicha o‘qitilib, mutaxassislar tayyorlanadi, – deydi markaz rahbari Muqaddas Karimova. – Markazni tamomlaganlar egallagan mutaxassisligi bo‘yicha imkon qadar ishga joylashtiriladi.
Markazda enaga, guvernyor (oila o‘qituvchisi), uy xizmatchisi, keksalar va bemorlar qarovchisi, oilaviy haydovchi, oyna yuvuvchi, gilam va mebel tozalovchi singari oddiy turmushda, har bir oila uchun kerak bo‘ladigan o‘z ishining mutaxassislari tayyorlanadi.
Agentlik viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligiga ko‘maklashish boshqarmalari bilan hamkorlikda xotin-qizlarni turli kasb va hunarga o‘qitib, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
O‘quv kursi mashg‘ulotlari ilg‘or interaktiv usullar, xorijiy tajribalar asosida malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA