Ahmadaliyevning “Asr jangi” yaqinlashmoqda
Professional bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev WVA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z chempionlik kamarlarini chililik Xose Velaskesdan munosib himoya qilib, g‘olib bo‘lgani barchamizni xursand qildi.
12 raund davom etgan jangda 119-111 hisobida raqibini mag‘lub etgan Murodjon Ahmadaliyev bugun, 22 noyabr kuni O‘zbekistonga qaytib keldi. Sportchini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston boks federatsiyasi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi vakillari, bokschining yaqinlari va muxlislar qarshi oldi.

“Matchroom” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan jangda yarim yengil vaznda (55,3 kilogramm) WBA va IBF chempionlik kamarlarini ikkinchi marta himoya qilgan Murodjonda endi mazkur vazndagi barcha kamarlarni birlashtirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Ma’lumki, ushbu vaznda professional boksning WBC yo‘nalishi chempioni Brendon Figeroa hamda WBO chempioni Stiven Fulton o‘rtasida har ikki yo‘nalishni birlashtiruvchi jang joriy yilning 27 noyabrida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Demak, WVA va IBF maydonida o‘z chempionlik “taxti”ni mustahkamlab olgan Ahmadaliyevning yarim yengil vaznda (55,3 kilogramm)gi barcha kamarlarni birlashtirish fursati yaqinlashyapti.

Jahon professional ishqibozlari bunday gigant jangning qachon guvohi bo‘lishi esa hozircha muhokamalar maydonida emas. Boisi, hozirda hamma 27 noyabr kuni AQSHda o‘tadigan Fulton-Figeroa “dueli”ga diqqat e’tiborini qaratgan. Biz uchun esa professional boksning ushbu vaznidagi barcha chempionlik kamarlarni birlashtirish uchun Ahmadaliyevning ringga ko‘tarilishi muhim. Ushbu kunni intiqlik bilan kutish asnosida aytish mumkinki, aynan o‘sha kun jahon boks tarixiga “Asr jangi” sifatida yozilishini juda-juda istardik.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA