Ahmad Zaki Validiy tavalludiga bag‘ishlandi
11 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida atoqli boshqird jamoat va siyosat arbobi, sharqshunos, turkolog Ahmad Zaki Validiy tavalludining 131 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita va Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tomonidan tashkil qilingan uchrashuvda mutasaddi xodimlar, Ahmad Zaki Validiy nomidagi boshqird jamoat-madaniy markazi faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tarixchi olimning hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlandiki, Ahmad Zaki Validiyning “Xotiralar” kitobi XX asrning birinchi choragida Markaziy Osiyo xalqlari hayotining qomusi sanaladi. Uning Alisher Navoiy va Abu Rayhon Beruniy ijodiga bag‘ishlangan mashhur maqolalari Britaniya ensiklopediyasida e’lon qilingani ham alohida e’tirofga sazovor.
Qo‘mita foyesida markaz faoliyatiga oid fotosuratlar aks ettirilgan stendlar, Zaki Validiy ijodiga bag‘ishlangan fotosuratlar va kitoblar, qolaversa, xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi tashkil etilgan.
– bugungi tadbir o‘ziga xosligi bilan ajralib turibdi. Boisi, Ahmad Zaki Validiy tavalludi munosabati bilan barcha millat va elat vakillari yana uchrashdi. Darvoqe, bir qator markaz faollariga qo‘mitaning faxriy yorliqlari ham topshirildi, – dedi Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi faoli Raliya Karipova. – Bu kabi tadbirlarda ishtirok etayotgan yoshlarimiz ona tilimizni, urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni o‘rganish va tariximizni bilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va tinchlikni asrash borasida milliy madaniy markazlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr yuritildi. Toshkent shahar Zaki Validiy nomidagi Boshqird jamoat-madaniy markazi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, xayrixohlik, bag‘rikenglik munosabatlari madaniyatini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi.
Tadbir davomida turli millat vakillarining milliy bayram va an’analarni o‘tkazish, ona tilini o‘rganish uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuqori baholandi, buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga markaz nomidan minnatdorlik bildirildi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA