Agrotexnik tadbirlar: mo‘l hosil garovi
Shu kunlarda barcha hududlardagi g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 2022 yil g‘alla hosili uchun jami 11 228 gektarga, shundan 2060 gektar ochiq maydonlarga, 9168 gektar g‘o‘za qator oralariga boshoqli don ekilgan. Ekilgan maydonlarning 1050,8 gektari urug‘lik bug‘doy hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining tuman bo‘limi tomonidan g‘alla maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda rivojdan orqada qolgan maydonlarni qoloqlikdan chiqarish asosiy maqsad qilib olingan. Qoloq hisoblangan fermer xo‘jaliklarida kuz-qish mavsumida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning bajarilishi Inspeksiya nazoratiga olingan.
– O‘rganishlar davomida ekib parvarish qilinayotgan 11 228 gektar maydonning 92 gektari rivojdan orqada, qoloq ekanligi aniqlandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi katta inspektori Alisher Ashurov. – bugungi kunda qoloq deb topilgan maydonlarda oziqlantirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, har bir gektar hisobiga 100 kilogrammdan azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, suv kirish quloqlari boshidan uch gektar maydon hisobiga bir dona sharbat handaqlar qazish, suspenziya sepish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi biostimulyatorlar bilan ishlash, sug‘orishni faqat sharbat usulida amalga oshirish belgilab berilgan.
Olib borilgan nazorat tadbirlarida “Temur Ulug‘bek”, “Shohjahon Holboy paxtakor”, “Farxod Arabov”, “Olim bozor” hamda “Nurquvvat porlog‘i” fermer xo‘jaliklari rahbarlariga g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarini o‘z vaqtida hamda sifatli qilib bajarilishi yuzasidan tegishli tartibda ko‘rsatmalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA