Agrar sohada O‘zbekiston va Misr hamkorligi: Al-Farg‘oniy merosiga asoslangan tajriba
Tahlil va taklif
Yurtimiz oliy ta’lim muassasalari oldida endilikda faqat diplomli mutaxassislar tayyorlash emas, balki zamonaviy texnologiyalarni tushungan, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay oladigan, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga javob beradigan malakali kadrlarni yetishtirish vazifasi turibdi.

Ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajribani milliy sharoitga moslashtirish bugungi kunda ustuvor ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston va Misr o‘rtasida agrar ta’lim, ilm-fan va qishloq xo‘jaligi sohalarida rivojlanayotgan hamkorlik yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Bu ikki xalqning ilmiy hamkorligi uzoq tarixga ega. Bunga Misrning Qohira shahrida IX asrda bunyod etilgan va hanuzgacha saqlanib qolgan “Miqyos an-Nil” inshooti yorqin misoldir. Nil daryosi suv sathini o‘lchash, suv toshqinlari va bo‘lajak hosildorlikni oldindan prognoz qilish imkonini bergan ushbu obida buyuk vatandoshimiz Ahmad al-Farg‘oniy loyihasi asosida barpo etilgan. Bu tarixiy yodgorlik ilm-fan va dehqonchilik azaldan chambarchas bog‘liq bo‘lganini yaqqol isbotlaydi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil fevral oyida Misrga qilgan rasmiy tashrifi dasturidan ham ushbu tarixiy obida o‘rin olgan edi. Bugungi kunda ana shu ko‘p asrlik aloqalar yangi mazmun kasb etmoqda. Endilikda suvni tejash, cho‘l hududlarini hosildor yerlarga aylantirish borasidagi xorij tajribasini o‘rganish va uni oliy ta’lim orqali yosh mutaxassislarga yetkazish asosiy maqsad etib belgilangan.
Bu boradagi amaliy qadam sifatida, joriy yil avgust oyi oxirida Qohirada Misr Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi rahbari Odil Abduazim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Misr tomoni chorvachilik, ozuqa bazasini shakllantirish, yaylovlarni boshqarish va cho‘l yerlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tajriba o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, yangi ekin navlarini yaratish hamda “pivot” sug‘orish tizimlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalar muhokama qilindi.
Hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida, 15–20-sentabr kunlari mamlakatimiz delegatsiyasi Misrda bo‘lib, suv resurslarini boshqarish va zamonaviy agrotexnologiyalar amaliyoti bilan yaqindan tanishdi. Misr qishloq xo‘jaligi va yerlarni melioratsiya qilish vaziri Alo Faruq bilan kechgan muloqotda esa veterinariya va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek, davlat muassasalari, ilmiy markazlar hamda xususiy sektor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik o‘rnatishga kelishildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida 29-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda suvni tejovchi texnologiyalar, gidrologiya, masofadan zondlash, iqlim o‘zgarishi va suvdan qayta foydalanish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Unda Misr texnologiyalari asosida 20 ming gektar maydonda pilot loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat olimlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Xo‘sh, nega aynan Misr tajribasi biz uchun bu qadar muhim? Bu mamlakat hududining katta qismi cho‘llardan iborat bo‘lib, yagona asosiy suv manbai Nil daryosi hisoblanadi. Shunday murakkab sharoitda Misr yangi yerlarni o‘zlashtirish, suvning har bir tomchisini asrash va qurg‘oqchil iqlimda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ulkan tajriba to‘plagan. Bugungi kunda suv tanqisligi kuchayib, yaylovlardan unumli foydalanish zarurati tug‘ilayotgan O‘zbekiston oldida ham aynan shunday global vazifalar turibdi.
Davlatimiz rahbari 2024-yil Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2030-yilgacha vohada 200 ming gektar, jumladan, o‘sha yilning o‘zida 15 ming gektar yaylovni o‘zlashtirishning yangi tizimini joriy etish vazifasini qo‘ygan edi. Joriy yil 21-oktabrdagi tashrif davomida esa misrlik va pokistonlik investorlar Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerda kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlayotgani ma’lum qilindi. Bu Misr tajribasi nazariy muhokamalardan amaliy natijalar bosqichiga o‘tganini anglatadi.
“Pivot” – markaziy tayanch atrofida aylanadigan, g‘ildirakli ustunlarga o‘rnatilgan uzun quvur yordamida dalani doira shaklida bir tekis sug‘oradigan tizim bo‘lib, u suv va o‘g‘it sarfini aniq nazorat qilish imkonini beradi. Biroq texnologiyaning o‘zi yetarli emas, undan to‘g‘ri foydalana oladigan mutaxassis ham kerak. Masalan, cho‘l hududida zamonaviy sug‘orish uskunasi o‘rnatildi, deylik, tuproq sho‘rlansa, nasos buzilsa, chorva kasallansa yoki ozuqa ekini kutilgan hosilni bermasa, fermerga kim yordam beradi? Agar agronom, gidrotexnik, veterinar va seleksioner shu hududning o‘zida bo‘lmasa, har bir muammo uchun uzoqdan mutaxassis chaqirishga to‘g‘ri keladi. Bu esa vaqt va mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun xorij tajribasini o‘zlashtirishda texnikani olib kelish bilan cheklanmay, uni boshqaradigan kadrlarni oliy ta’lim va ilm-fan tizimida tayyorlash zarur.
Oliy ta’lim tizimida bunday kadrlarni tayyorlash uchun keng imkoniyat mavjud. Prezidentimiz 21-oktabr kuni Qamashi tumanida ta’kidlaganidek, ilgari har 100 nafar yoshdan 9 nafari oliy ta’limga kirgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 45 nafarga yetgan. Endi asosiy e’tibor ta’lim sifatiga qaratilishi kerak. Bitiruvchi qo‘lida diplom bilan birga dala, ferma va laboratoriyada ishlash uchun zarur amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishi lozim. Shu jihatdan Misr bilan qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik agrar ta’lim uchun o‘ziga xos “amaliy darslik” bo‘la oladi. Bunday amaliy tajribani ta’lim jarayoniga joriy etishning oltita muhim yo‘nalishini ko‘rsatish mumkin.
Avvalo, o‘quv dasturlarini zamon talablariga moslashtirish. Cho‘l dehqonchiligi, yaylovlarni boshqarish, “pivot” va tomchilatib sug‘orish, suvdan qayta foydalanish, gidrologik modellashtirish, geoaxborot tizimlari, masofadan zondlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi yo‘nalishlarni agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya sohalaridagi bakalavriat va magistratura dasturlariga alohida modul sifatida kiritish maqsadga muvofiq. Ularni Misr ilmiy markazlari mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqish ta’lim mazmunini amaliyotga yanada yaqinlashtiradi.
Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishning ham ahamiyati yuqori. Joriy yil iyul oyida Qohirada o‘tkazilgan “EDUGATE – 2026” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston oliygohlari o‘z ta’lim dasturlari va ilmiy imkoniyatlarini namoyish etdi. Akademik almashinuv, qo‘shma daraja dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va universitetlararo sheriklik masalalari muhokama qilindi. Ana shu hamkorlik asosida agrar va suv xo‘jaligi yo‘nalishlarida ikki mamlakat diplomi beriladigan magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish mumkin. “Yangi O‘zbekiston Scholarship” xalqaro grant dasturi va “Study in Uzbekistan” platformasi orqali misrlik talabalarni ham mamlakatimiz oliygohlariga jalb etish imkoniyati mavjud.
Pilot maydonlarni ochiq osmon ostidagi laboratoriyaga aylantirish ham sohada muhim sanaladi. Misr tajribasiga tayanib taklif etilayotgan 20 ming gektarlik pilot loyihalar, shuningdek, Qashqadaryodagi 24 ming gektarlik investitsiya loyihalari talabalar amaliyoti, magistrlik va doktorlik tadqiqotlari uchun muhim tajriba maydoni bo‘lishi mumkin. Tuproq namligi, suv sarfi, hosildorlik, ozuqa ekinlarining o‘sishi va chorva mahsuldorligi haqida to‘plangan ma’lumotlar fermerlar uchun ham, olimlar uchun ham qimmatlidir. Ilmiy ish aniq maydondagi aniq muammoni hal qilishga qaratilsa, tadqiqot natijasi qog‘ozda qolmay, bevosita ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Bunda olim va mutaxassislar almashinuvini kengaytirish ham yaxshi natijaga olib boradi. Muzokaralarda ikki mamlakat olimlari va mutaxassislarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, Misrning yetakchi ilmiy markazlari vakillarini O‘zbekistonga jalb qilish taklif etildi. Bu imkoniyatdan yosh tadqiqotchilarimizni Misr ilmiy markazlariga qisqa muddatli stajirovkaga yuborish, misrlik professorlarni esa oliygohlarimizga ma’ruza va mahorat darslari o‘tish uchun taklif etish orqali samarali foydalanish mumkin.
Seleksiya va veterinariya sohalarida qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish ham alohida muhim masala. Chorvachilik, veterinariya, amaliy tadqiqotlar, yangi ekin va ozuqa navlarini yaratish bo‘yicha belgilangan hamkorlik yo‘nalishlari universitetlar qoshida qo‘shma laboratoriyalar ochish uchun asos bo‘la oladi. Ayniqsa, issiq va qurg‘oqchil iqlimga chidamli ozuqa navlari, yaylov o‘simliklari hamda chorva mahsuldorligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar dolzarbdir.
Soha rivojida hududiy oliygohlarning amaliy rolini kuchaytirish ham muhim. Loyihalar amalga oshirilayotgan viloyatlardagi universitetlar zarur mutaxassislarni tayyorlash markaziga aylanishi kerak. Shunda yoshlar o‘z hududida ta’lim olib, shu yerning o‘zida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Universitet, ilmiy markaz, investor va fermer o‘rtasida uzviy hamkorlik shakllansa, ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzilish qisqaradi.
Masalan, Nishon, G‘uzor tumanida yoki Xorazim viloyati, Qorqalpog‘iston Respublikasining chekka bir tumanida yashovchi bir yoshni tasavvur qilaylik. U o‘z hududidagi universitetda suv xo‘jaligi bo‘yicha tahsil oladi, magistraturada Misr tajribasiga asoslangan modulni o‘zlashtiradi, amaliyotni uyiga yaqin pilot maydonda o‘taydi va bir semestr Qohiradagi ilmiy markazda bilim oladi. Keyin o‘z yurtiga qaytib, xorijdan taklif etiladigan mutaxassis vazifasini bajara oladi, mahalliy fermerlarga maslahat beradi yoki o‘z agrofirmasini tashkil etadi. Oliy ta’limning amaliy natijasi aynan shunday hayotiy misollarda, o‘zlashtirilgan har bir gektar yer va tejalgan har bir kub metr suvda ko‘rinadi.
Ming yildan ortiq vaqt avval Ahmad al-Farg‘oniy Nil suvi sathini aniqlashda ilmiy hisob-kitoblarga tayangan edi. Bugun esa uning ilmiy merosini davom ettirayotgan yosh olim va mutaxassislar cho‘l hududlarini obod qilish uchun suvning har bir tomchisini hisobga olishni o‘rganmoqda. Misr bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik oliy ta’lim, ilm-fan va amaliyotni o‘zaro bog‘lay olsa, u oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, suvni tejash va qishloq yoshlari bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan barqaror tizimga aylanadi.
Sanjar MIRZALIEV,
ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari.
O‘zA