Agrar soha yoshlari “Zakovat”da bellashdi
Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Yoshlar kuni munosabati bilan iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilinib, barcha idora va tashkilotlar tomonidan oylik doirasida yoshlar forumi, yoshlar bilan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Agrar soha yoshlari” respublika forumi tashkil etilib, uning doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Vazirlik va “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini ham Yoshlar kuniga bag‘ishlandi. Mazkur “Zakovat” o‘yinida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yosh davlat xizmatchilari va iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Intellektual o‘yinda 36 ta jamoa tarkibida 216 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Qiziqarli savollarga va qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tgan o‘yinda yoshlarning mantiqiy fikrlashi, qishloq xo‘jaligi sohasiga oid bilimlari, ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Forumga Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham tashrif buyurib, yoshlarni bayram bilan tabrikladi. Vazir o‘z tabrigida bugungi kunda agrar sohada faoliyat olib borayotgan xodimlarning 40 foizi yoshlardan iborat ekanligini, sohada 200 nafardan ortiq yosh fan doktorlari, professorlar faoliyat ko‘rsatayotganini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, sohadagi yoshlar dunyoning eng ilg‘or yoshlari bilan bellasha olishiga, ular bilan birgalikda yangi g‘oyalar, ishlanmalar borasida hamkorlik qila oladigan, davlatimizga, xalqimizga foydasi tegadigan ishlarni amalga oshirishlariga ishonch bildirdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan intellektual o‘yinda 1-o‘rin “Termiz forever” jamoasiga, 2-o‘rin “ISKAD” jamoasiga, 3-o‘rin “Sigma” jamoasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA