Afv etilganlarga yordam ko‘rsatilmoqda
Mamlakatimiz inson qadri va sha’nini ulug‘lash, haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hatto u jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham barqaror hayotga qaytishi uchun imkoniyat yaratib berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning 2022 yil 7 dekabrdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tayotgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yorqin misoldir.
Mazkur farmonga ko‘ra, yurtimizdagi turli jazoni ijro etish maskanlarida saqlanayotgan bir guruh shaxslar afv etilib, ularning normal hayotga qaytishlari uchun imkoniyat berildi. Ayni kunlarda ularga davlatimiz tomonidan ijtimoiy, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Afv etilganlar orasida Andijon viloyatidan 4 nafar ayol bo‘lib, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari ular bilan suhbatlar o‘tkazmoqda, muammolarini hal etishga ko‘maklashmoqda.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Abdullayeva afv etilgan ayollarning xonadonlarida bo‘ldi. Afv tufayli ozodlikka chiqarilganlarga davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, kechirimlilik, insonparvarlik siyosati olib borilayotgan yurtimizning qadriga yetish, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishlari lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, afv etilgan shaxslar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilayotganligi aytilib, bandligini ta’minlash maqsadida ularning xonadoniga yaqin hududda joylashgan korxona, tashkilot va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA.