Afv – bag‘rikenglik va insoparvarlik namunasi
Inson dunyoga kelar ekan, hayotning pastu baland, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llariga duchor bo‘ladi. Gohida qanday yashash o‘zimizga bog‘liq deyiladi, ammo bilib-bilmasdan xatoga ham yo‘l qo‘yiladi.
Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tug‘ilgan Nazira Akbarjonova ham rashk va jahl ustida huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yib, Jinoyat kodeksining 244-moddasi tegishli qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgani sababli bundan ikki yil avval javobgarlikka tortilib, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan Prezidentimizning 2026-yil 17-martdagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Nazira kabi yo‘ldan adashgan, qilmishi oqibatini o‘ylamasdan jinoyat yo‘liga kirib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan namanganlik 30 nafar shaxs uchun g‘amxo‘rlik va imkoniyatlarni taqdim etdi.

Qo‘shaloq bayramlarni yaqinlari bag‘rida kutib olgan Nazira Akbarjonovaning “Uchqun” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yashash xonadonida Namangan shahar hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari va hudud ichki ishlar profilaktika inspektori ishtirokida ma’rifiy-ma’naviy suhbat o‘tkazildi. Xonadonga homiylar tomonidan ajratilgan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. Jazodan qaytgan ayolga davlat tomonidan barcha ijtimoiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. U endilikda o‘z uyida qandolatchilik bilan shug‘ullanib, halol mehnat qilib, oilasi va jamiyat oldida yuzini yorug‘ qilishga va’da berdi.
– Davlatimiz rahbarining millatimizga xos insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalari singdirilgan mazkur hujjatiga ko‘ra, viloyatimizdan afv qo‘llangan mahkumlardan 14 nafari jazoni ijro etish muassasasidan bo‘shatildi, – deydi Namangan viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasi katta inspektori, mayor Abror Jabborov. – Sakkiz nafar shaxsga qo‘llangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi birdan ikki qismiga qisqartirildi hamda sakkiz nafari probatsiya hisobida jazo o‘tashdan ozod etildi. Afv etilganlardan 17 nafari profilaktik hisobga va besh nafari probatsiya hisobiga olindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan ham mamlakatimizda aholini kuchli ijtimoiy himoya qilishga alohida ahamiyat qaratiladi. Farmonga asosan jazoni ijro etish muassasalaridan bo‘shatilgan 14 kishining har biriga Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi qoshidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Ehtiyojmand toifadagi ikki kishiga homiylar va hokimliklar tomonidan oziq-ovqat maxsulotlari taqdim qilindi. Shuningdek, ular hududiy sog‘liqni saqlash muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uch nafari sog‘ligini tiklash maqsadida bepul davolatildi.
Viloyat ichki ishlar organlari sa’y-harakati bilan fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagan olti nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi “ID” kartalar rasmiylashtirib berildi.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi, “mahalla yettiligi” hamkorligida afv etilgan shaxslar ish bilan ta’minlandi, shundan ikki nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yaqindan ko‘maklashildi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda inson va uning qadri yuksalayotgani, baxtli va farovon yashashi uchun shart-sharoitlar yaratilayotgani, ayniqsa, yo‘ldan adashganlarning hayotini o‘nglash borasida salmoqli ishlar qilinayotgani e’tirofga molik.
Bugun musaffo havodan bahra olayotgan, farzandlari ta’lim-tarbiyasiga qayg‘urish imkoniyatiga ega bo‘layotgan, tuzalishga jiddiy ahd qilgan hamyurtlarimizning borar manzili endilikda yanada munavvar bo‘lishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA