Afruza Hamdamova — Osiyo chempionati sovrindori
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari munosib natijalarni qayd etdi.
Kecha o‘tkazilgan so‘nggi 9-tur bahsida Afruza Hamdamova oq donalarda xitoylik Muziyan Gaoni mag‘lub etdi. Oq donalarda harakatlangan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva rossiyalik, Gulruhbegim Tohirjonova mo‘g‘ulistonlik raqiblari bilan murosa yo‘lini tanladi. Qora donalarda munosib bahs olib borgan Guldona Karimova mo‘g‘ulistonlik shaxmatchi qizdan ustunlikka erishdi. Asal Salimova esa oxirgi turda yutqazib qo‘ydi.

Chempionatning ochiq musobaqalarida ishtirok etgan terma jamoamiz a’zolaridan A.Abdusalimov 9-turda oq donalarda xitoylik Xiangyuu Xi bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Saidakbar Saidaliyev yaponiyalik shaxmatchini taslim qildi. Ortiq Nig‘matov esa qora donalarda Mo‘g‘uliston vakiliga yutqazib qo‘ydi.

Chempionatda Afruza Hamdamova 7,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2-o‘rinni egalladi. Ayollar guruhida Hamdamova singari 7,5 ochko to‘plagan hindistonlik Savitxa Shri Osiyo chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. U oxirgi turda qora donalarda rossiyalik Anna Shuxmanni tor-mor etdi.
Shaxmatchi qizlarimizdan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Gulruhbegim Tohirjonova 6 ochko jamg‘arib, 102 nafar ishtirokchi orasida 9-11-o‘rinlarni, Guldona Karimova 5,5 ochko bilan 27-pog‘onani, Asal Salimova va Madinabonu Xalilova 4 ochko bilan 67-69-qatorlarni band qildi.

Musobaqaning erkaklar guruhida g‘oliblik shohsupasiga 7,5 ochkoga ega xitoylik Xiangrui Kong ko‘tarilgan vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Abdumalik Abdusalimov 143 nafar qatnashchi orasida 6 ochko bilan 11, Saidakbar Saidaliyev 5,5 ochko bilan 29, Ortiq Nig‘matov 5 ochko bilan 43-o‘rinlardan joy oldi.
O‘yinlar jarayonida ruhiy muvozanatda barqarorlikni saqlay olmagani tufayli Abdusalimov kuchli beshlikdagi o‘rnini saqlab qola olmadi. Afruza esa 3 turdagi durang hamda 8-turdagi ochko yo‘qotishlar tufayli naqd bo‘lgan chempionlikni hind shaxmatchisiga tuhfa qildi.
Nima bo‘lganda ham chempionat shaxmatchilarimizning mahorati ancha o‘sganini ko‘rsatish bilan birga, kelgusi katta musobaqalarga, xususan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda jahon chempionatlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tagani bilan katta ahamiyat kasb etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA