Afrika janubida 68 million odam aziyat chekmoqda
Afrika qit’asining janubiy qismida taxminan 68 million kishi butun mintaqada ekinlarni nobud qilgan Al-Nino sabab qurg‘oqchilik ta’siridan jabrlandi.
“Reuters” agentligi xabar berishicha, 2024 yil boshlangan qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish jarayoniga putur yetkazdi. Oziq-ovqat taqchilligini keltirib chiqardi va umumiy iqtisodiyotga zarar yetkazdi.
Janubiy Afrika Rivojlanish hamjamiyati (SADC)ga a’zo 16 davlat rahbarlari Zimbabve poytaxti Xarareda mintaqaviy muammolar, jumladan oziq-ovqat xavfsizligini muhokama qilish uchun uchrashdi.

SADC ijrochi kotibi Elias Magosi qayd etishicha, mintaqa aholisining 17 foizi yordamga muhtoj. 2024 yilgi yomg‘irli mavsum juda og‘ir kechib, aksariyat hududlar kech boshlangan Al-Nino fenomeniga duch keldi. Bu Janubiy Afrikada so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yomon qurg‘oqchilik hisoblanadi. Al-Nino hodisasi Tinch okeani sharqiy qismidagi g‘ayritabiiy darajada iliq suv global ob-havo sharoitini o‘zgartirganda, issiqxona gazi chiqindisi ta’sirida yuzaga kelgan yuqori o‘rtacha harorat birikmasidan kelib chiqqan. Zimbabve, Zambiya, Malavi kabi davlatlar allaqachon ochlik inqirozining falokatli darajasini e’lon qilgan. Lesoto va Namibiya esa jahon hamjamiyatidan insonparvarlik yordami so‘ragan.
– May oyida mintaqa qurg‘oqchilikka qarshi kurashish uchun 5,5 milliard dollarlik gumanitar yordam so‘rab murojaat qildi, ammo hech qanday xayriya olinmadi, – deydi SADC raisi, Angola Prezidenti Joao Lourenso.