Adolatli va xalqchil davlat fuqarolik xizmati sari
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali tomonidan “Adolatli va xalqchil davlat fuqarolik xizmati sari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda “O‘zbekiston – 2030” stretagiyasining to‘rtinchi yo‘nalishiga muvofiq xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 19 iyun kuni davlatimiz rahbarining “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi, mazkur strategiyani amalga oshirish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar hamda bir qator tartiblar va Nizomlar tasdiqlandi.
– Albatta mazkur farmon Davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilish, shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi filial rahbari o‘rinbosari Sherzod Jumayev. – Bugungi kunda agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga meritokratiya tamoyili asosida qabul qilish tizimi doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali– vacancy.argos.uz yaratilgan va ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni munosib kadrlar bilan to‘ldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Anjumanda filial tomonidan 2025 yilning 1-yarim yilligida Navoiy viloyatida davlat fuqarolik xizmatini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Hozir davlat xizmatiga eng munosiblarni tanlab olishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘tgan davr mobaynida viloyat bo‘yicha 49 ta tashkilotda vakant lavozimlar uchun 23 ming 748 nafar nomzod hujjat topshirgan. O‘tkazilgan tanlovlarda 12 ming 361 nafari test, 3 ming 412 nafari suhbat bosqichlarida ishtirok etdi. Ularning 251 nafari davlat xizmatiga qabul qilindi.
Shuningdek, filial tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi, o‘tkazilgan tanlovlarning tashkil etilishi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar jarayonida 123 ta qonunbuzilishi holati aniqlandi. Natijada tashkilotlarga 25 ta taqdimnoma, 63 ta ogohnoma, 2 ta ma’muriy taklif kiritildi. Yakunda 30 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari tiklandi, 1 nafar xodim ishga tiklandi, 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib, tanlov natijalari haqiiy emas deb topildi. 1 nafar xodim intizomiy, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi. 36 nafar nomzodning tanlovga qatnashish huquqi tiklandi.
Munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida esa “zaxira.argos.uz” hamda kadrlar.argos.uz platformalari ishga tushirilgan bo‘lib, viloyatda 21 nafar viloyat hokimi o‘rinbosarlariga, 36 nafar tuman (shahar) hokimlari lavozimlari uchun 57 nafar nomzodlar “Milliy kadrlar zaxirasi”ga kiritilgan.
[gallery-24033]
– Filialimiz tomonidan davlatimiz rahbarining yuqorida qabul qilingan farmoni ijrosini ta’minlash, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasiga muvofiq davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlarini joriy etish, tanlov tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi filial bosh inspektori Abror Latipov. – Bunda tizimda inklyuzivlikni, test va suhbat jarayonlarida esa ob’ektivlikni oshirish, davlat organlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish birinchi navbatdagi vazifamizga aylangan. Shuningdek, Davlat fuqarolik xizmati tashkilotlarining “jozibador ish beruvchi sifatidagi brendi”ni yaratish ham ustuvor rejalarimizdan biridir.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari