Adolat tushunchasining salmog‘i og‘ir-mi?
Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga qo‘ydi: sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.
Adolat tushunchasining salmog‘i og‘ir. Ayniqsa, sudlarning adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta’minlashda o‘rni va ahamiyati g‘oyat katta. Har bir sud idorasi adolat qo‘rg‘oni hisoblanadi. Bu yerda xato va noxolislikka yo‘lga qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q. Keyingi vaqtda Prezidentimiz tomonidan sud-huquq tizimida jiddiy islohotlarga kirishildi, qisqa vaqt ichida odamlarning odil sudlovga bo‘lgan munosabati butunlay o‘zgarib, ishonch paydo bo‘ldi.
Aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq sa’y-harakatlar ishimiz mezoniga aylandi. Xalq dardini eshitib, muammolari yechimini topish uchun harakat qilib kelayapmiz. Bu esa kasbiy faoliyatimiz samaradorligi, adolat, haqiqat, xolislik, odillik va albatta qonuniylik tantanasiga xizmat qiladi. Sudya har qanday holatda o‘z qasamyodiga sodiq qolishi, uning uchun qonun hamma narsadan ustun bo‘lmog‘i lozim. Zero, sudya faqat qonunga bo‘ysunib ish ko‘rar ekan, o‘zining butun faoliyati va xulqi bilan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushunchani fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur joy olishida ham samarali faoliyat ko‘rsatishi kerak. Qonunlarni hurmat qilgan kishi jinoyatga ham qo‘l urmaydi.
Joriy yilning o‘tgan davrida tuman sudi tomonidan 139 shaxsga nisbatan 122 ta jinoyat ishlari, 210 ta shaxsga nisbatan boshqa mazmundagi materiallar ko‘rildi. Tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha 84 ta shaxsga nisbatan 67 ta ish bo‘yicha ayblov hukmlari chiqarilgan, 55 ta shaxsga nisbatan 55 ta jinoyat ishi bo‘yicha ishlar tugatilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyati 2018 yil 11 oyida 16 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yil 11 oyida 60 tani tashkil etadi. Ushbu jinoyat soni 44 taga uch baravar oshgan.
Sudyalarning xalq bilan bevosita muloqoti, mahalliy kengashlarda ularning axborotlarini eshitish yo‘lga qo‘yilgani ham yaxshi samara bermoqda. Sayyor sud majlislari, muhokamalarda jamoatchilikning ishtiroki va kafilligi mexanizmining joriy etilishi natijasida bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan, qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolar, jumladan, yigit-qizlar va ayollar, yoshlar jazodan ozod qilinyapti.
Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi. Ilgari oqlov hukmlari onda-sonda chiqarilgan, shunda ham keng jamoatchilikka oshkor qilinmagan bo‘lsa, bu borada ijobiy ishlarga qadam qo‘yildi. Demak, astoydil ishlasa, tom ma’noda adolatli hukm chiqarsa bo‘lar ekan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 dekabrda qabul qilingan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sud tizimidagi islohotlarni yangi bosqich ko‘tarishga xizmat qiladi. Unda odil sudlov tizimini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining obro‘sini oshirish va chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, sud ishlarini hal etishga aralashish, jumladan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda ta’sir o‘tkazish holatlari bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Yangilanayotgan O‘zbekiston taraqqiyot sari dadil odimlamoqda. Bunda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish ham zalvorli ishdir. Jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash, sudyalik qasamyodiga sodiqlik, halol va poklikni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirish bizning muhim vazifamizdir. Zero, mamlakatimizda tobora jadallashayotgan islohotlarning yangi bosqichi biz sudyalar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda.
Furqatjon SOBIROV, Jinoyat ishlari bo‘yicha
Beshariq tumani sudi raisi