“Adolat” SDP tashabbusi bilan Toshkentda yirik donorlik aksiyasi o‘tkazildi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni mamlakatimizda nafaqat bayram shodiyonalari, balki kelajagimiz egalari bo‘lgan bolajonlar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan xayrli va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar bilan ham yodda qolmoqda. Ana shunday ezgu va insonparvar tashabbuslardan biri O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan amalga oshirildi.
Partiya tashabbusi bilan poytaxtimizda “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida tashkil etilgan xayriya donorlik aksiyasi jamiyatimizda ijtimoiy birdamlik va insonparvarlik fazilatlarini yana bir bor namoyish etdi. Ushbu tadbir og‘ir xastalik bilan kurashayotgan, qon va uning komponentlariga muhtoj bo‘lgan begunoh qalblar — bolajonlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan amaliy harakat bo‘ldi.

Bugungi kunda tibbiyot rivojlangan bo‘lsa-da, gematologik, onkologik va boshqa og‘ir tizimli xastaliklarga chalingan bemor bolalarning hayotini saqlashda donorlik qonining o‘rnini bosuvchi muqobil vosita mavjud emas. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda har kuni yuzlab bolajonlar shifoxonalarda o‘z vaqtida qilingan qon quyish muolajasi tufayli hayotga qaytadi. Shu nuqtai nazardan, “Adolat” SDPning ushbu tashabbusi jamiyat uchun o‘ta dolzarb va hayotiy masalaga qaratilgan.
Partiya o‘z Dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, doimiy ravishda aholi salomatligi, ijtimoiy himoya va adolat tamoyillarini ilgari surib keladi. Partiya mazkur aksiya orqali jamiyat e’tiborini bepul va ixtiyoriy donorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratdi. Har bir inson o‘zi topshirgan qon orqali kimningdir farzandini hayotga qaytarishi, oilaga quvonch ulashishi mumkinligini anglab yetishi ushbu tadbirning eng oliy ma’naviy va ijtimoiy ahamiyati.

Ahamiyatlisi, bu safargi xayriya aksiyasi ham poytaxtimizda juda ko‘tarinki ruhda va keng qamrovda o‘tdi. Partiya Toshkent shahar Kengashi tomonidan tibbiyot muassasalari va tajribali shifokorlar bilan hamkorlikda barcha xavfsizlik va sanitariya qoidalariga rioya etilgan holda donorlik nuqtalari tashkil etildi.
Xususan, donorlik qilish uchun kelgan yurtdoshlarimiz shifokorlar nazoratidan o‘tib, o‘z ixtiyorlari bilan beg‘araz qon top topshirdi. Ishtirokchilar bir ovozdan bu kabi xayriya tadbirlarida qatnashish har bir sog‘lom insonning ham fuqarolik, ham insoniylik burchi ekanini ta’kidladi.
Umuman olganda, “Bor mehrimiz senga, bolajon!” aksiyasi faqatgina bir kunlik tadbir emas, balki tibbiyot tizimiga va bemor bolajonlar sog‘lig‘iga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Aksiya davomida bir necha yuz litr qon va uning komponentlari yig‘ildi.

Ushbu to‘plangan qon zaxirasi maxsus laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilgandan so‘ng, qon tizimi xastaliklari bilan og‘riyotgan, jumladan, leykemiya, anemiya va boshqa jiddiy dardlarga chalingan bolalarni davolash uchun tibbiyot markazlariga yo‘naltiriladi. Demak, aksiya doirasida topshirilgan har bir tomchi qon — o‘nlab, yuzlab bolajonlarning sog‘ayib ketishiga, ularning ota-onalari ko‘zidagi yoshlar o‘rnini quvonch egallashiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tadbirning bilvosita natijasi sifatida jamiyatda, ayniqsa yoshlar orasida beg‘araz donorlik harakatiga bo‘lgan qiziqish va ijobiy yondashuv yana bir pog‘onaga yuksaldi. Ko‘plab ko‘ngillilar bundan keyin ham doimiy ravishda donorlik qilib turishga va’da berdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi tomonidan poytaxtimizda tashkil etilgan ushbu tadbirlar “Inson qadri uchun” tamoyili shunchaki shior emas, balki real hayotda o‘z aksini topayotgan amaliy ish ekanini yana bir bor isbotladi. Bolalar — bizning kelajagimiz, ularning sog‘lom va baxtli ulg‘ayishi uchun qayg‘urish esa barchamizning umumiy vazifamizdir.
O‘zA