Adolat sari amaliy qadam
Jizzaxda davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Biznes-ombudsman, Jizzax viloyati hokimligi hamda Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirning bosh maqsadi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohadagi mavjud muammolarni amaliyot nuqtai nazaridan baholashdan iborat bo‘ldi.
Ochiq muloqotda 60 nafardan ortiq advokat, tashkilot va korxonalar yuridik xizmatlari vakillari, bank tizimi mutaxassislari, davlat tashkilotlari mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi. Turli soha vakillarining bir maydonda jamlanishi sud-huquq amaliyotida uchrayotgan masalalarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yechimi yuzasidan asoslangan takliflarni shakllantirish imkonini berdi.
Muhokamalar davomida sud-huquq tizimidagi dolzarb muammolar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan ularni bartaraf etishga qaratilgan 20 dan ortiq tizimli taklif ilgari surildi.
Xususan, sudlarda taraflar tengligini ta’minlash, sud qarorlari ijrosining samaradorligini oshirish, soliq va bankrotlik munosabatlarini takomillashtirish, iqtisodiy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini rivojlantirish, intellektual mulk huquqlarini ishonchli muhofaza qilish, shuningdek, yer va investitsiya munosabatlarida huquqiy kafolatlarni mustahkamlash yuzasidan aniq takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, soliq nizolari, kommunal xizmatlar sohasidagi huquqiy munosabatlar, davlat bojini qo‘llash amaliyoti, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik, energiya samaradorligi, kadastr tizimidagi texnik xatolar hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan boshqa dolzarb masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu esa tadbirkorlik muhitiga ta’sir etayotgan omillarni kompleks yondashuv asosida baholash imkonini yaratdi.
E’tiborli jihati, muloqot davomida ko‘tarilgan masalalar faqat mavjud muammolarni qayd etish bilan cheklanmadi. Ular amaldagi huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, qonunchilikni hayot talablariga mos ravishda yanada rivojlantirish hamda davlat organlari bilan biznes o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham tahlil qilindi.
Tadbir yakunida bildirilgan barcha takliflar umumlashtirilib, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda sud-huquq sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida belgilangan tartibda mas’ul tashkilotlarga kiritilishi belgilandi.
[gallery-30247]
Bunday ochiq muloqotlar davlat rahbari belgilab bergan “inson manfaati va tadbirkor huquqlari — davlat siyosati markazida” degan tamoyilning amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng asosiysi, biznes va davlat organlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot huquqni qo‘llash amaliyotini hayotiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish, sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash hamda mamlakatda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari