Adolat qoʻrgʻonining poydevori mustahkam
Sud ostonasiga qadam qoʻyayotgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm topayotganiga, inson haq-huquqlari davlat himoyasida ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak.
Sud ostonasiga qadam qoʻyayotgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm topayotganiga, inson haq-huquqlari davlat himoyasida ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Buning uchun esa sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari boʻlishi kerak.
Ayni maqsad yoʻlida keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlarni nainki huquqshunos va shu tizim vakillari, balki butun xalqimiz koʻrib, his qilib turibdi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, sud idoralari adolat qoʻrgʻoniga aylanishi uchun nimaki zarur boʻlsa – moddiy-texnika bazami, bilimli zamonaviy kadrlarga ehtiyojmi yoki aholi huquqiy madaniyatni oshirishmi – barchasi amalga oshirilmoqda. Natijada sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash yoʻlida salmoqli qadamlar tashlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon ham bu boradagi yana bir muhim tarixiy hujjat boʻldi.
Mazkur farmon fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, odil sudlovga erishish, qolaversa, xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilishda muhim huquqiy asos boʻlib qolishi, shubhasiz.
Farmon bilan sud tizimining ichki tuzilmasi tartibga solinmoqda. Viloyat sudlarining hozirgi tuzilmasida yagona sud amaliyotini shakllantirishga toʻsqinlik qilayotgan holatlar mavjud edi. Xususan, bu koʻproq sudlarning tarqoqligidan fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlayotgani, alohida faoliyat yuritishi sinovdan oʻtgan xorijiy amaliyotga toʻgʻri kelmasligi kabi muammolar bilan bogʻliq. Endi esa mamlakatimizda viloyat darajasidagi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.
2021-yil 1-yanvardan eʼtiboran uch yoʻnalishdagi sudlar negizida yagona sud tashkil etilib, menejer maqomiga ega boʻlgan viloyat sudi raisi faoliyat olib boradi. Har bir yoʻnalish boʻyicha oʻrinbosar lavozimi joriy etiladi. Sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda viloyat sudining har bir hayʼatida 6 nafardan 19 nafargacha sudyadan iborat alohida jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha hayʼatlar tashkil etiladi. Bu albatta, fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlaydi.
Biz uchun yana bir eʼtiborli jihati, fuqarolarning haq-huquqlari tiklanishi va ular sarson boʻlishining oldini olish maqsadida Samarqand viloyatida fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut tuman sudi tashkil etilmoqda. Besh yuz mingdan ortiq aholi yashaydigan Urgut tumani aholisi uchun katta qulaylik, adolatli qarordir.
Farmonga koʻra, endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, Farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinmoqda. Bu qoidalar sud qarorlarining har tomonlama puxta, qonun va boshqa huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga toʻla muvofiq qabul qilinishini, sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Farmon bilan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilovchi, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlovchi va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritilmoqda.
Endilikda tumanlararo, tuman va shahar sudlarining qarorlari viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartiblarining joriy etilishi ham odil sudlov samaradorligini oshirishning muhim qadamlaridir.
Qolaversa, Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibini tuzilishi investorlar huquqlarining sud orqali himoyalanishining muhim qadami va shartidir. Bunda sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vakolati berilmoqda. Bu bilan yirik investorlarning qonuniy haq-huquqlarini sud orqali ishonchli himoya qilinishi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini mustahkamlashda muhim omil sanaladi.
Umuman, mazkur farmon bilan mamlakatimiz sud-huquq tizimiga kiritilayotgan yangilik va oʻzgarishlar ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida sud idoralarining chinakam adolat qoʻrgʻoni, fuqarolar qonuniy haq-huquqlarining himoyachisiga aylanishiga xizmat qiladi.
Bayramali NOROV,fuqarolik ishlari boʻyicha
Samarqand viloyati sudi raisi vazifasini bajaruvchi