Adolat – jamiyat taraqqiyotining omili
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalish, balki har bir fuqaroning vijdoni, mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasini talab etadi. Shu ma’noda, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan amaliy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Boshqarma tashabbusi bilan viloyatning barcha hududiy bo‘limlarida “Korrupsiyaning oldini olish – har bir xodimning burchi” mavzusidagi davra suhbatlari uyushtirildi. Unda rahbarlar, mas’ul mutaxassislar va xodimlar qatnashib, ushbu illatning jamiyat va davlat taraqqiyotiga yetkazadigan zarari haqida ochiq va samimiy fikr almashdilar.

Qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurash – bu bitmas jarayon. U doimiy targ‘ibot, misol va ibrat orqali amalga oshirilganda samara beradi. Chunki, poklik va adolat bo‘lgan joydagina haqiqiy taraqqiyot va ishonchli kelajak bo‘ladi.

– Tadbirda notiqlar tomonidan korrupsiya faqat qonun bilan emas, balki vijdon va axloq bilan ham yengilishi mumkinligi eslatib o‘tildi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi katta inspektori Jamoliddin Odilov. – Qolaversa, suhbatlarda ushbu yo‘nalishdagi farmon va qarorlar, qabul qilingan qonun hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Bunday tadbirlar xodimlarda huquqiy ongni oshirish, halollik muhitini mustahkamlash va fuqarolarda davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.