Adliya vaziri jamoatchilikka hisobot bermoqda
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ochiq muloqot shaklida jamoatchilikka hisobot bermoqda.
Unda 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, vazirlik tomonidan yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida OAV va jamoatchilikka axborot berilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, pandemiya 2020 yilda dunyo mamlakatlari kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi. Adliya organlari ham sharoitga moslashishib ishni tashkil etdi.
Xususan, fuqarolarning huquqiy maslahatga bo‘lgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish maqsadida telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi botlar ishga tushirildi.
Dolzarb va kundalik hayotda ko‘p duch kelinadigan holatlar bo‘yicha vazirlik veb-saytida 21 yo‘nalishni o‘z ichiga oluvchi alohida “So‘ragan edingiz” bo‘limi tashkil etildi.
Pandemiya davrida aholi bilan ikki tomonlama aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida fuqarolar tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollar bo‘yicha vazirlikning feysbukdagi “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey” guruhida qirqqa yaqin onlayn muloqot tashkil etildi.
Ilk bor adliya vaziri tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq bilan muloqot/dialog s narodom” guruhida fuqarolar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi.
Shu bilan birga, vazirlik “Yuksalish” umummilliy harakati va Prezident Xalq qabulxonasi ko‘magida “Salom, Sardoba, biz birgamiz!” xayriya aksiyasini amalga oshirdi. Aksiyada besh mingdan ziyod kishi qamrab olindi.
Pandemiya davrida aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektron davlat xizmatlari turlari sezilarli darajada ko‘paymoqda. 2020 yilda davlat xizmatlari markazlari tomonidan 8,2 million xizmat ko‘rsatildi. Elektron (onlayn) xizmatlar olish ulushi 16 foizni tashkil qildi. Fuqarolar tomonidan uydan chiqmasdan masofadan turib elektron imzo kalitini olish imkoniyati paydo bo‘ldi. FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qog‘oz shaklidagi 60 millionga yaqin arxiv ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirildi.
Tadbir boshlanishida tizimda amalga oshirilgan ishlarga oid videolavhada shu kabi jihatdar qamrab olingan.
Onlayn muloqotda ko‘tarilgan masalalar, savollarga javoblarni batafsil yoritib boramiz.
Saytimizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, O‘zA