Adliya organlari faoliyati o‘rganildi
Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov boshchiligidagi Ishchi guruh viloyatning Sirdaryo, Mirzaobod, Oqoltin, Boyovut tumanlari, Guliston va Shirin shahar adliya bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Vazirlik mas’ullari dastlab, xodimlar bilan suhbatlashib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga huquqiy axborotni yetkazish hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda mas’uliyatni yanada oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, sohani yanada takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotida duch kelinayotgan muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Tashrif davomida adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlarida aholiga xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik baza, mavjud imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Peng-sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida Ishchi guruhning sirdaryolik tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.


Muloqotda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, tadbirkorlarga yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Ishchi guruh metall konstruksiyalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Wangda group” qo‘shma korxonasi, Xitoyning Exeed brendi ostidagi avtomobillarni ishlab chiqaruvchi “ASAKA MOTORS” zavodi va “Bekzodsher” birlashmasining gazo-beton bloklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tadbirkorlar va ishchilar bilan ishlab chiqarish joylarida bevosita suhbat o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi hamda ularni hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.


Ishchi guruh Boyovut tumanining Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘inida fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularni hal etish va huquqiy maslahatlar berish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi. Tadbirda vazirlik mas’ullari, tuman hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan 5 nafar ishsiz, ehtiyojmand xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari, 10 ga yaqin nogironligi bor bo‘lgan fuqarolarga zarur jihozlar va nogironlik aravachalari topshirildi. Sayyor qabulda 12 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 14 ta murojaat bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berildi, o‘rganish muddat talab qiladigan 20 ta murojaat ish yurituvga qabul qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Adliya vazirligi ishchi guruhining Sirdaryo viloyatidagi o‘rganishlari tizim xodimlari faoliyatini jadallashtirish, fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, huquqiy va davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.