Adliya ko‘magida fermer yer maydonini qaytarib oldi
Navoiy viloyatida “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi doirasida hududlardagi fermerlar faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ular bilan davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Masalalar joyiga borgan holda o‘rganilib, tahlil etilmoqda.
– Muloqotlar mobaynida fermerlarning huquq va majburiyatlari, yer, soliq, mehnat, shartnomaviy huquqiy va boshqa munosabatlar bo‘yicha qonunchilik talablari tushuntirilayapti, – deydi Navoiy viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Dildora Kattayeva. – Fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tashkil etilayotgan so‘rovnomalar esa mazkur yo‘nalishda qonunchilikka yangi takliflar tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bundan tashqari, soha vakillariga adliya organlari tizimida @fermermadadbot tashkil etilganligi, bot orqali fermer xo‘jaligi rahbarlari va ishchilarining murojaatlari yozma, og‘zaki va elektron shaklda qabul qilinib, ularning o‘rganilishi, natijalari, shuningdek, buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rilishi yuzasidan to‘liq ma’lumotlar berib borilmoqda.

Karmana tumani hududida faoliyat yuritayotgan “G‘ulom Dilafro‘z umidi” fermer xo‘jaligi mutasaddilari aynan ana shu tarmoq orqali tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan edi. Ularning murojaati joyiga chiqib o‘rganilganda, fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydonini olishda qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Fermer xo‘jaligi faoliyati chorvachilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan. bugungi kunda bu yerda 2,5 ming bosh qo‘y, 100 ga yaqin qoramol, 40 dan ortiq ot boqilmoqda. Besh xonadon vakillari ish bilan ta’minlangan. Kelgusida fermer faoliyatini yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan.
O‘rganishlardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi “Yer kodeksi”ga asosan, adliya bo‘limining taqdimnomasi bilan fermer xo‘jaligiga 2,5 ming gektardan ortiq yer maydoni qaytarib berildi. Fermer xo‘jaligi rahbariga adliya xodimlari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA