Adliya da’vosi sudda qanoatlantirildi
“Qiziltepa Cotton Trans” ma’suliyati cheklangan jamiyati hududdagi “Navoiy yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi buyurtmasiga asosan pudrat ishlarini amalga oshirgan. O‘zaro tuzilgan shartnomaga asosan hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish uchun sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Buning uchun MCHJ tomonidan bir milliard so‘m atrofida mablag‘ ham sarflagan. Ammo “Navoiy yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi qilingan mehnatga haq to‘lamagan. Natijada tadbirkor amaliy ko‘mak so‘rab tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
– “Qiziltepa Cotton Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qilingan murojaat yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borildi, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Abduvali Asadov. – To‘plangan hujjatlar asosida tadbirkor manfaatiga “Navoiy yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasiga nisbatan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Biroq negadir “Navoiy yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi mutasaddilari sud ishida ishtirok etmadi. Sud esa kiritgan da’vomizni qanoatlantirdi va korxonaga qariyb bir milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilishi yuzasidan qaror qabul qildi.
Murojaat tufayli yana bir tadbirkorning huquqi tiklanib, unga yetkazilgan zarar o‘rni qoplandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA