Adliya bo‘limi fuqaroni himoya qildi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani “Jambul” MFYda yashovchi M.Normurodova “Mikrokredit” ATB da 25 yil hisobchi bo‘lib ishlagan. 2023 yil 1 iyunda u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Bunday hollarda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 173-moddasiga asosan, o‘rtacha oylik ish haqining 200 foizi miqdorida ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, javobgar tomonidan 2023 yilning 4 iyul kuniga qadar M.Normurodovaga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmagan. Shu sababli fuqaro tuman adliya bo‘limiga murojaat qiladi.
Tuman adliya bo‘limi fuqaro manfaatini ko‘zlab, “Mikrokredit” ATBning Chiroqchi filialidan ishdan bo‘shatish nafaqasini undirish to‘g‘risida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Adliya aralashgach sud tomonidan fuqaroning murojaati qanoatlantirilib, javobgar hisobidan M.Normurodova foydasiga 17 million 800 ming so‘m ishdan bo‘shatish nafaqasi hamda 1 million so‘m ma’naviy zarar undirildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri