Adib dahosiga munosib baho
Adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish adiblarning adabiy merosini sinchiklab oʻrganish ular ilgari surgan gʻoyalarni tahliliy nazardan oʻtkazish bilan ham bogʻliq.
Adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish adiblarning adabiy merosini sinchiklab oʻrganish ular ilgari surgan gʻoyalarni tahliliy nazardan oʻtkazish bilan ham bogʻliq.
Oʻzbekiston qahramoni, Davlat madhiyamiz matnining muallifi Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodining targʻiboti va tashviqoti masalasiga Toshkent irrigatsiya qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi jiddiy kirishgani va bu borada ancha ishlarni amalga oshirayotgani quvonarlidir. Institut rektori, professor Oʻktam Umrzoqov rahbarligida adib ijodiyoti va faoliyatiga doir yangi maʼlumotlarni toʻplash va tadqiq etish vazifasi zimmamizga yuklangani bizga chinakam maʼnoda shu yoʻsindagi ish rejasi va yoʻl xaritasining shakllanishiga imkon tugʻdirdi.
Institutda ham adibning ijodini targʻib qilish maqsadida yoʻl xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar garchi onlayn tarzda boʻlsa ham allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan ayni paytda tuzilgan ish rejasiga koʻra, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey tashkil qilish, adibning ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan onlayn-vebinarlar tashkil etish, adib tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov toʻgʻrisida hujjatli film yaratish, institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” toʻgaragini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish institut tomonidan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yaqinda Abdulla Oripovga bagʻishlangan onlayn forum tashkil etildi. Unda ulugʻ shoirning rafiqasi va qizlari, hozirda Amerikada yashayotgan katta qizlari Mavluda Oripovalar ishtirok etishdi.
Shuningdek, adib ijodiyotini, uning serqirra faoliyati va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini yoritish, tahlil etishga qaratilgan “Tafakkur tomchilari” ruknidagi turkum koʻrsatuvlarni tayyorlash boshlandi. Ular haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashishni istagan zamondoshlarining suhbatlaridan talabalarimizni bahramand qilish uchun “Intervyu burchagi” videodasturi ham tashkil etildi. Ayniqsa, Abdulla Oripov sheʼrlarini ovozli shaklda, yaʼni audiodisklarni tayyorlashga ham kirishilgani eʼtiborga molik. Abdulla Oripov sheʼriyatidan taʼsirlangan talabalarimizning ijodiy namunalaridan tuzilgan “Ilhom buloqlari” nomli toʻplamni ham rektorimiz soʻz boshisi bilan alohida kitob holida chop ettirilgani shu yoʻldagi muhim qadamdir.
Ana shu vazifalar sirasida amalga oshirilgan yana bir xayrli ish tarbiyachi pedagog Dilorom Saʼdullayevaning shoir xonadoniga borib, ularning rafiqalari bilan samimiy suhbat tashkil etib qaytgani boʻldi. Dilorom Saʼdullayeva ulugʻ shoirning ayollari Hanifa ona bilan uchrashuvlarini shunday hikoya qiladi: “Ular meni ochiq yuz va tabassum bilan kutib oldilar. Institutimiz jamoasi tomonidan qilinayotgan ishlardan xursandchiligini aytib meni ichkariga taklif etdilar. Hanifa ona meni Abdulla Oripovning ijodxonasiga olib kirib tanishtirdilar. U yerda adibning koʻpgina kitoblari, turli davrlarda tushilgan suratlar, chop etilmagan 500dan ortiq sheʼrlariga koʻzim tushdi. Agar uy muzeyi ochilsa, barchasini muzeyga topshirishini aytib oʻtdilar.
Hanifa ona Abdulla Oripov fondini ochish kerakligi haqidagi taklifni bermoqchi ekanligini aytib, bu fond iqtidorli yoshlarni qoʻllab quvvatlashga qaratilgan boʻlishi kerakligini eʼtirof etdilar.
Har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi deyishadi. Ularning ham buyuk ayol ekanliklariga amin boʻldim. Shoirni shoir qilgan aslida, umr yoʻldoshi boʻlar ekan. Chunki, ularning asosiy ilhom parilari ana shu vafodor va jafokash ayollari ekanini izohlashga hojat boʻlmasa kerak...”
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 24-martda tasdiqlangan “Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini kompleks rivojlantirish, jumladan, togʻli hududlarda ekologik turizmni rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi”da 2019-yil 9-maydan boshlab har yili Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan “GOLDEN WORD” xalqaro adabiyot festivalini oʻtkazish vazifasi belgilangani ham muhim ijtimoiy hodisadir.
Toshkent irrigatsiya qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti Matbuot xizmati