Adabiyot, bilim, ijod maydoni chorlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan adabiyot bayrami haftaligi o‘tkazilmoqda.
17-22 may kunlariga mo‘ljallangan ushbu haftalikni yuqori saviyada o‘tkazishda Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi kabi tashkilotlar ham ko‘makchi.

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida mazkur haftalik doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Karantin munosabati bilan ochiq osmon ostida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etayapti.

Ma’lumki, oliy o‘quv yurtlarida milliy adabiyotimiz rivojida katta hissa qo‘shgan adib va shoirlar ijodini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun mazkur xiyobondagi yodgorliklar poyida mushoiralar, adabiy gurunglar, ijodiy viktorinalar o‘tkaziladi. Ayni paytda o‘z bilimi va iqtidori bilan ko‘pchilikka namuna bo‘layotgan yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha «Ilhom» mukofoti bilan taqdirlanadi.

N.Usmonova,
O‘zA