Adabiy tanqid kengashi faoliyati tahlil etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy tanqid kengashining 2024 yil uchun hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uyushmaning Adabiy tanqid kengashi raisi Nurboy Jabborov mazkur yig‘ilishda yoshlar bilan birga ustoz adabiyotshunoslar ishtirok etayotgani yetuk munaqqidlarning tajribasini o‘rganish, asarlarni tahlil etish ko‘nikmasini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktorining o‘rinbosari, navoiyshunos olim, professor Maqsud Asadovning aytishicha, 2024 yil mumtoz adabiyot bo‘yicha salmoqli kitoblar, to‘plamlar, risolalar, tadqiqotlar nashr etildi.
Albatta, ulardan eng yirigi "Alisher Navoiy ensiklopediyasi" alohida o‘rin egallaydi. Unda Navoiy siymosi va uning atrofidagi barcha ma’lumotlar mujassam. Ayni paytda Boqijon To‘xliyev, Nusratilla Jumaxo‘jayev, Hamidulla Boltaboyev kabi adabiyotshunos olimlar haqida kitoblar chop etildi. Ibrohim Haqqulning 75 yilligiga bag‘ishlab "So‘zboshi: irfon va ishonch" nomli kitobi nashr etildi.

Shuningdek, navoiyshunoslik, mumtoz adabiyotga oid ko‘plab tadqiqotlar, kitoblar, ilmiy nashrlar chop etildi. Ayni paytda milliy uyg‘onish, jadidchilik, jadid adabiyoti bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar olib borildi.
Yig‘ilishda atoqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev zamonaviy adabiy tanqidga doir kitoblar xususida so‘zlab, o‘z tahlili davomida 13ta kitobni o‘qib chiqqanini qayd etdi. Ayni o‘rganish natijasida bugun ham zamonaviy adabiyotda adabiy tanqidchilik faol rivojlanib borayotganini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda shuningdek, professor Dilmurod Quronov matbuotda adabiy-tanqidiy maqolalar, yosh tadqiqotchi Otabek Safarov internet nashrlaridagi tanqidiy-tahliliy materiallar haqida batafsil to‘xtaldi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy tanqid kengashining joriy yildagi rejalari belgilab olindi.
N.Usmonova,
O‘zA