Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik
Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda. Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev boshchiligidagi ijodkorlar delegatsiyasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida qabul qilindi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ikki mamlakat adabiy tashkilotlari o‘rtasida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” shiori ostida rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarining asoslaridan biri o‘zbek va qirg‘iz adabiyotining eng sara namunalarini o‘zaro kelishuv asosida tarjima qilish ekanini ta’kidladi.
Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani birinchi marta qirg‘iz tiliga o‘girilgani, zamonaviy qirg‘iz adabiyotidan amalga oshirilayotgan tarjimalar, jumladan, yaqindagina taqdimoti o‘tkazilgan Qanibek Imonaliyevning “Qirg‘iznoma”, Roza Aytmatovaning “Xat keldi” xotira kitobi bugungi kundagi adabiy do‘stlik aloqalari rivojida ijobiy voqeadir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi, atoqli adiba va tarjimon Risolat Haydarovaning fikricha, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro ishonch tuyg‘usini mustahkamlashda adabiyot va madaniyat muhim ahamiyat kasb etganini o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalarida yaqqol ko‘rish mumkin. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Ali To‘qamboyev Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonini qirg‘iz tiliga o‘girgan tarjimonlarga bosh-qosh bo‘ldi. Ustoz Mirtemir “Manas” eposini zo‘r mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girdi. Atoqli adib Chingiz Aytmatov ushbu tarjimani yuksak baholadi.
Mamlakatimizda qirg‘iz adabiyotidan tarjima qilishga e’tibor hamisha katta edi. Tugalboy Sidiqbekov, Shukurbek Beyshenaliyev, Musa Jong‘oziyev, To‘lagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev kabi XX asr qirg‘iz adabiyotining zabardast vakillari asarlari o‘zbek tiliga o‘girilgan. Chingiz Aytmatov yaratgan roman va qissalar o‘zbek o‘quvchilarining sevimli asarlariga aylangan.
Ilyos Muslim, Mirtemir, Sulton Akbariy, Asil Rashidov, Tursunboy Adashboyev kabi ustoz tarjimonlar qirg‘iz adabiyotini o‘zbek o‘quvchisiga yaqinlashtirgan bo‘lsa, Sog‘indiq Omurboyev, Suyunboy Eraliyev, Shukurbek Beyshenaliyev, Tumanboy Bayzoqov kabi qirg‘iz mutarjimlari o‘zbek shoir va yozuvchilari asarlarini tarjima qilib, qirg‘izistonlik kitobxonlarga taqdim etishgan.
Bugungi kunda o‘zbek adabiyotini qirg‘iz o‘quvchilari orasida targ‘ib qilayotganlar orasida Samidin Stambekov, Avliyoxon Eshon, To‘raboy Jo‘rayev, Jildiz Aqayeva, Jakib Akimovlarni sanash mumkin.
2022 yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 jildi qirg‘iz adabiyotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda qardosh adabiyotning mumtoz davri namoyandalaridan tortib, bugungi kunda faol ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning ijodigacha qamrab olingan.
2019 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, ushbu hujjat asosida bir necha yillardan beri birgalikda tadbirlar o‘tkazilib, adabiy loyihalar amalga oshirib kelinadi. Markaziy Osiyo yosh ijodkorlari seminari, Turkiy tilli mamlakatlar yosh ijodkorlari forumi, “Mumtoz she’riyat” festivali kabi tadbirlar shular jumlasidan.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari vakillari hamkorlikda amalga oshiriluvchi keyingi tadbirlarni muhokama qilishdi.
Tadbir davomida ikki xalq adabiyoti targ‘ibotiga hissa qo‘shib kelayotgan qator ijodkorlarning xizmatlari e’tirof etildi. O‘zbek adabiyotini qirg‘iz o‘quvchilariga taqdim etish yo‘lida mehnat qilayotgan qator ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, qirg‘iz va o‘zbek adabiy do‘stligi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek shoir va yozuvchilari Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilindi.
***
Tashrif doirasida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qirg‘iz tilidagi nashri taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan Abdulla Qodiriy ijod maktabiga o‘zbek va qirg‘iz adabiy jamoatchilik vakillari, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar taklif etildi. Taqdimot ulug‘ o‘zbek yozuvchisiga ehtirom ramzi sifatida uning haykali poyiga gul qo‘yishdan boshlandi.
“O‘tkan kunlar” romani shu yil boshida qirg‘iz tilida Bishkekda chop qilindi, Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdimoti o‘tkazildi. Asarni qirg‘iz tiliga Uchqun Abdilazizov o‘girgan. “Uluu toolor” nashriyoti tomonidan bosmaga tayyorlangan kitobga Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adib va tarjimon Samidin Stambekov muharrirlik qilgan.
Romanning qirg‘izcha nashriga “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati direktori, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov so‘zboshi yozgan bo‘lib, unda jumladan, quyidagi so‘zlar bor: “O‘zbek adabiyotida yuzlab romanlar yozildi. Ularning orasida maqtasa arziydigan, talay chet tillarga o‘girilganlari bor. Biroq shunga qaramay, “O‘tkan kunlar” romani boshqacha. Agar shunday deb aytish mumkin bo‘lsa, men bu romanni “O‘zbek xalqining pasporti” deb atagan bo‘lardim”.
Shuni ta’kidlash lozimki, “O‘tkan kunlar” romani Qodiriy hayotligidayoq boshqa tillarga tarjima qilina boshlangan. Jumladan, 1929 yilda roman Bokuda ozarbayjon tilida chop etilgan.
“O‘tkan kunlar” 1958 yilda Lidiya Bat va Valentina Smirnova tarjimasida rus tilida chop etilgan, Germaniyada “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan nemis tiliga tarjimada nashr qilingan.
Taqdimot marosimida Abdulla Qodiriy ijodining tadqiqoti bugungi kunda xalqaro miqyosga chiqayotgani, “O‘tkan kunlar” romani zamonaviy turkiy adabiyot rivojini yangi bosqichga ko‘targani, ushbu o‘lmas asar o‘zining yangi, jahon miqyosidagi e’tirofi sari yo‘lga chiqqani ta’kidlandi.
O‘zA