Abdurahim Yusufzoda – jadid diplomat (+video)
Andijonlik jadid, mohir diplomat, davlat va jamoat arbobi -Abdurahim Yusufzoda 1880 yili Andijonda tavallud topgan. 12 yoshida savodi chiqqach, Andijondagi madrasaga qabul qilinib, 3 yil arab tilini o‘rgangan. 1895 yil o‘qishni davom ettirish uchun Buxoroga borib, 15 yil o‘qigan. Zehni o‘tkir, aqlu zakovatli, axloq-odobda ibratli Abdurahim madrasa ahli hurmatini qozondi, mudarrislar ishonchi, ehtiromiga sazovor bo‘ldi. Ilm dargohini tamomlagandan so‘ng mazkur musulmon oliy maktabida mudarrislik qildi.
1912 yildan Buxoroda vujudga kelgan taraqqiyparvarlarning yashirin jamiyatida ishlay boshlagan. 1917 yilgacha Buxorodagi Ayozboy madrasasida talabalarni o‘zbek, arab va fors tillariga o‘rgatgan. Buxoroda yuzaga kelgan jadidchilik harakati, undan o‘sib chiqib, amirlik saltanatini larzaga keltirgan “Yosh buxoroliklar” Buxoroda amirlik tuzumiga barham berishda muhim rol o‘ynadilar. Ilg‘or fikrlovchi, arab, fors va rus tillarining mohir bilimdoni sifatida o‘sha davr ziyolilari orasida katta martabaga erishgan A.Yusufzoda “Yosh buxoroliklar”ning taniqli yetakchilaridan biri bo‘lgan.
A.Yusufzoda 1917 yil aprelda Buxoroda bo‘lgan mashhur namoyishni bevosita tashkil etgan va unda qatnashganlardan edi. Behuda qon to‘kilgani uchun A.Yusufzoda va boshqa vakillar amir bilan muzokara uchun qushbegi huzuriga keladilar. Biroq ular arkda hibsga olinib, zindonband etiladi va amir jallodlari tomonidan qattiq kaltaklanadilar.
Abdurahim Yusufzoda 1924 yil boshlarida Moskvada rus va o‘zbek tilida “Buxarskaya jizn” (“Buxoro hayoti”) jurnali ochib, o‘zi muharrirlik qilgan. Jurnal sahifasida Buxoro va uning tarixi, taqdiri, istiqboli haqida ko‘plab maqolalar chop etilganki, ular hozir ham ilmiy ahamiyatga molik.
Muxtor vakil A.Yusufzodaning tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan BXSR Maorif nozirligi va “Sevzapkino” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, 1924 yil 12 aprelda O‘zbekistondagi ilk kinostudiya — “Buxoro-Rus kinojamiyati” (“Buxkino”) tashkil etiladi. O‘rta Osiyodagi ilk badiiy kinofilm — “O‘lim minorasi” suratga olingan.
Shu bilan birga, Buxoroi sharifning tarixiy yodgorliklarini ta’mirlash g‘oyasi va amaliyoti 1924 yildayoq Fayzulla Xo‘jayev bilan Abdurahim Yusufzoda tomonidan boshlangan edi.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni mohir diplomat, davlat va jamoat arbobi -Abdurahim Yusufzoda haqida. Ushbu videolavha Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti bilan hamkorlikda tayyorlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TurJY9vlzvI" title="Abdurahim Yusufzoda – jadid diplomat " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA