Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi
Angliyaning “Manchester Siti” klubida o‘ynayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov mart oyi yakunlariga ko‘ra jamoaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi.
Muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, hamyurtimiz jamoadoshlari — Rodri hamda Jeremi Dokuni ortda qoldirib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Abduqodir Husanov o‘tgan oy davomidagi uchrashuvlarda barqaror va ishonchli o‘yini bilan ajralib turdi. Ayniqsa, uning himoyadagi faolligi, to‘p uchun kurashlardagi ustunligi va maydondagi yuqori tezligi “shaharliklar” muxlislari e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Qayd etish joiz, mazkur mukofot A.Husanov uchun 2026-yildagi ikkinchi sovrin hisoblanadi. U joriy yil yanvar oyida ham klubda oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan edi. O‘tgan yili esa fevral oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan edi.
Darvoqe, bu mavsumda Abduqodir Husanov «Manchester Siti» safida 21 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Ma’lumot uchun, jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” 4-aprel kuni Angliya kubogi doirasida Liverpul jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA