Abdulla Oripovning kitoblari Kanadada chop etildi
Ustoz ijodkor, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ikki jildli kitobi AQSHda nashr etilgani haqida xabar bergan edik. Yaqinda ustozning "Men nechun sevaman O‘zbekistonni?" birinchi jild hamda "Jannatga yo‘l" ikkinchi jild she’riy to‘plamidan iborat kitoblari Kanadada ham chop etildi.
Toronto shahridagi "Altaspera Publishing & Literary Agency Inc." nashriyotida chop etilgan bu kitoblar o‘zbek she’riyatiga, jumladan ustoz Abdulla Oripovning betakror ijodiga dunyoning yanada ko‘plab kitobxonlari e’tiborini tortishi shubhasiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida bu yil ustoz ijodkor Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanayapti. Shoir ijodiga bag‘ishlab adabiy muloqotlar, davra suhbatlari, anjumanlar, she’riyat kechalari g‘oyat samimiy ruhda bo‘lib o‘tmoqda. Ayni paytda milliy adabiyotimiz fidoyisi bo‘lgan Abdulla Oripovning ijod namunalaridan iborat kitoblari qaytadan, yanada mukammal tarzda nashr etilmoqda.
Qirg‘izistonlik iste’dodli shoir Rahim Karim tarjimasi bilan chop etilgan har ikkala jild o‘zbek, qirg‘iz, rus va ingliz tillarida ekani diqqatga sazovordir. Hassos shoirimizning bu ikki tomli kitoblari ustozning tanlangan she’rlari, dramatik dostonlaridan iborat bo‘lib, birinchi jildi so‘zlarining muallifi Abdulla Oripov bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi bilan ochiladi.
Kitob avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ustoz Abdulla Oripov haqidagi iliq va samimiy so‘zlari bilan boshlanishi O‘zbekistonda kitobxonlik, milliy adabiyot, ijod ahli davlat rahbarining doimiy e’tiborida ekanining yana bir yorqin namunasidir. Shuningdek, mazkur kitobda ustoz Abdulla Oripovning qizi Shoira Oripovaning dil so‘zlari ham keltirilgani nashrlarning o‘quvchi uchun qiziqarli, hayotiy bo‘lishini yanada ko‘proq ta’minlagan.
Kitobning birinchi jildida qirg‘iz tiliga tarjima qilingan she’rlar ham chop etilgan. Ular orasida atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovga bag‘ishlangan "Qirg‘iz zamini" she’ri ham o‘rin olgan.
Kitobning ikkinchi jildida ustoz shoirimizning "Jannatga yo‘l", "Samoviy to‘y" dostonlari hamda Abu Ali ibn Sinoga bag‘ishlangan "Hakim va ajal" dostoni o‘rin olgan. Ustoz shoir ijodiga bag‘ishlangan ushbu kitoblar olis Kanadada ham she’riyat ixlosmandlari qalbidan joy olajak.
N.Usmonova, O‘zA