Abdulaziz Xo‘jakov: “Ichimlik suvi sifatiga e’tibor quvur tanlashdan boshlanadi”
Suv ta’minoti, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligida ishonchli infratuzilma yaratishda zamonaviy quvur tizimlari muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yuqori bosimga chidamli polietilen quvurlarga bo‘lgan talabning ortishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar oldiga mahsulot sifati, xomashyo ta’minoti va ishlab chiqarish hajmini oshirish kabi vazifalarni qo‘ymoqda.
“Mega Plast Group” MCHJ ham mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritib, turli diametrdagi polietilen quvurlar hamda tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Korxona mahsulotlari energetika va yirik infratuzilma ob’ektlarida qo‘llanilishi bilan birga, tashqi bozorga ham chiqarilmoqda.
Sohadagi mavjud imkoniyatlar, mahsulot sifatiga qo‘yilayotgan talablar, xomashyo masalasi, yirik loyihalardagi ishtirok, eksport yo‘nalishlari va xorijiy hamkorlik istiqbollari haqida “Mega Plast Group” MCHJ menejer-marketologi Abdulaziz Xo‘jakov bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, “Mega Plast Group” MCHJning faoliyati, ishlab chiqarish yo‘nalishlari va bugungi imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Korxona qanday mahsulotlar tayyorlaydi va ular asosan qaysi sohalarda qo‘llanilmoqda?
– “Mega Plast Group” MCHJ 2016-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Korxona asosan yuqori bosimga chidamli polietilen quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mahsulotlar diametri 16 millimetrdan 500 millimetrgacha bo‘lgan quvurlarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, bog‘dorchilik va uzumchilik sohalari uchun tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan uskunalar ham ishlab chiqariladi. Ya’ni, faoliyatimiz faqat bitta yo‘nalish bilan cheklanmaydi. Suv ta’minoti, energetika, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor qaratganmiz.
Korxonaning asosiy ishlab chiqarish bazasi hisoblangan “Kalina Lyuks Servis” MCHJ 2007-yildan beri faoliyat yuritadi. “Mega Plast Group” esa shu ishlab chiqarish tajribasi va imkoniyatlari negizida shakllandi.
Ishlab chiqarishni rivojlantirish jarayonida zamonaviy texnologiya va uskunalarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, 2019-yilda Mikrokreditbankning Jizzax filiali orqali “Kalina Lyuks Servis” MCHJ uchun kredit mablag‘lari jalb qilingan. 2020-yilda 208 ming 500 AQSH dollariga zamonaviy uskunalar olib kelindi.
Tadbirkorlik faoliyatida turli qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Lekin asosiy maqsad ishlab chiqarishni to‘xtatmasdan, bosqichma-bosqich rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Bugungi natijalar ham shu izchil mehnatning samarasidir.
– Polietilen quvur ishlab chiqarishda mahsulotning sifati, xomashyo va standartlarga rioya qilish eng muhim masalalardan biri. Korxonangizda bu jarayon qanday tashkil etilgan? Ayniqsa, ichimlik suvi uchun mo‘ljallangan quvurlarda sifat masalasiga qanday yondashasizlar?
– Quvurning sifati, birinchi navbatda, ishlatiladigan xomashyodan boshlanadi. Shu sababli, biz birlamchi xomashyodan foydalanishga alohida e’tibor qaratamiz. Xususan, PE-100 markali mahsulotlar uchun zarur xomashyoni Rossiyaning “Sibur” kompaniyasidan import qilamiz.
Hozirgi kunda PE-100 markali xomashyo O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Mamlakatimizda “Sho‘rtangaz”, “O‘zkorgaz” kabi ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud va ularning vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazganmiz. Lekin mazkur markadagi xomashyo bo‘yicha ehtiyoj hozircha import hisobiga ta’minlanmoqda.
Mahsulot ishlab chiqarilgandan keyin uning sifati laboratoriyada nazorat qilinadi. Korxonada buning uchun zarur sharoit va uskunalar mavjud. Biz davlat standartlari talablariga amal qilamiz. 18-sentabr kuni davlat standarti bo‘yicha sertifikatimizni yangiladik va uning amal qilish muddati yana uch yilga uzaytirildi.
Biz uchun sertifikat shunchaki hujjat emas. Ishlab chiqaruvchiga bildirilgan ishonch va davlat tomonidan belgilangan standartlarga rioya qilish katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun mahsulotni belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqarishga harakat qilamiz.
Ayniqsa, ichimlik suvi tarmoqlarida quvur sifatiga jiddiy yondashish zarur. Agar quvur sifatsiz xomashyodan tayyorlansa, keyinchalik xonadonlarga turli filtr va qo‘shimcha qurilmalar o‘rnatishning o‘zi masalani to‘liq hal qilmasligi mumkin. Shu bois ichimlik suvi tarmoqlarida quvurning sifati va qanday xomashyodan ishlab chiqarilgani muhim ahamiyatga ega.
– Bugun korxona mahsulotlari qaysi yirik ob’ektlarda qo‘llanilayotgani haqida ham ma’lumot bersangiz. Xususan, atom elektr stansiyasi va energetika ob’ektlaridagi loyihalarda mahsulotlaringizning ishtiroki qanday?
– Bugungi kunda mahsulotlarimiz bir qator yirik infratuzilma va energetika loyihalarida qo‘llanilmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasi doirasida suvni qochirish yo‘nalishida polietilen quvurlar yetkazib berdik.
Mazkur quvurlar ob’ektda ishlatilib, amalda sinovdan o‘tmoqda. Bu biz uchun ham muhim tajriba, chunki mahsulotning yuqori bosimga chidamliligi va ekspluatatsiya xususiyatlari real ob’ektda namoyon bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishda OʻzGASHKLITI bilan shartnoma asosida ham hamkorlik qildik.
AES loyihasidagi ishlar hali davom etmoqda. U yerda 121 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, hududda yangi shaharcha barpo etish bo‘yicha ishlar ham olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Turkiyaning “Chalik Energy” kompaniyasi bilan ham hamkorlik qilayapmiz. U Navoiy viloyatining Karmana hududida elektr podstansiyasi, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida, Tolimarjon hududida yana bir podstansiya qurish ishlarini amalga oshirmoqda. Bizning polietilen quvurlarimiz ushbu ob’ektlarda ham qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, neft kompaniyalari, suv ta’minoti va suv injiniringi yo‘nalishidagi tashkilotlar bilan ham ishlash imkoniyatlari mavjud. Maqsadimiz mahsulotlarimizni turli sohalarda keng qo‘llash va sifatli quvurlarga bo‘lgan talabni mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta’minlashdir.
– Ichki bozordagi faoliyat bilan bir qatorda tashqi bozorga chiqish ham muhim. Bugun korxona qaysi bozorlarga mahsulot yetkazib bermoqda va eksportni kengaytirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Hozirgi kunda asosiy bozorimiz ichki bozor hisoblanadi. Korxona kichik va o‘rta biznes sub’ekti sifatida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish bosqichida. Shuning uchun hali ichki bozorni to‘liq qamrab oldik, deb aytolmaymiz.
Ayniqsa, biz aholi va buyurtmachilarning sifatli mahsulotga bo‘lgan ishonchini oshirishga e’tibor qaratyapmiz. Toza ichimlik suvi bilan bog‘liq loyihalarda quvur sifatiga e’tibor qaratish muhim. Shu bilan birga, bog‘dorchilik va uzumchilikda tomchilatib sug‘orish tizimlarini rivojlantirish ham biz uchun alohida yo‘nalish hisoblanadi.
Tashqi bozorga chiqish bo‘yicha ham dastlabki natijalar bor. Joriy yilning 1-aprel kuni “Mega Plast Group” MCHJ mahsulotlarini Tojikistonga eksport qildik. Bu biz uchun eksport yo‘nalishidagi muhim qadam bo‘ldi.
Kelgusida tashqi bozorlar sonini ko‘paytirish va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Buning uchun mahsulot sifati, xalqaro talablarga moslik va ishonchli yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratamiz.
– Korxona Toshkentda tashkil etilgan “Plastmassa va polimerlar sanoati” 16-xalqaro ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etmoqda. Ushbu tadbir doirasida qanday yangi loyihalar va shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib boryapsizlar? Yaqin istiqbolda korxona oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
– Xorijiy hamkorlar bilan aloqalarimiz ancha yillik tarixga ega. Xususan, Xitoy kompaniyalari bilan 2005-yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Ko‘rgazmada “KonRun” kompaniyasi bilan ham muzokaralar olib boryapmiz.
Ushbu kompaniya bilan O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha taklif berganmiz. Ko‘rgazma yakunlanganidan keyin Jizzax viloyatiga borib, ishlab chiqarishni joylashtirish mumkin bo‘lgan hududlar, mavjud sharoitlar va infratuzilma bilan tanishtirishni rejalashtiryapmiz. Bu ham mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni jalb qilish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.