Abdulaziz ishga taklif etildi
Toshkent turizm kollejini oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha bitirayotgan Abdulaziz Qo‘chqorov poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasida amaliyot o‘tadi. Oshpazlikka qo‘li kelishib qolgan, rus, ingliz, nemis tillarini biladigan Abdulaziz mehmonxona rahbariyatining ishonchini qozonib, to‘rt tomonlama shartnoma asosida ishga taklif etildi.
Toshkent turizm kollejini oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha bitirayotgan Abdulaziz Qo‘chqorov poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» mehmonxonasida amaliyot o‘tadi. Oshpazlikka qo‘li kelishib qolgan, rus, ingliz, nemis tillarini biladigan Abdulaziz mehmonxona rahbariyatining ishonchini qozonib, to‘rt tomonlama shartnoma asosida ishga taklif etildi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-martdagi «Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yoshlarni ish bilan ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Poytaxtimizning eng ko‘zga ko‘ringan, sayyohlar bilan gavjum mehmonxonalarida ishlash mening orzuim bo‘lgan, – deydi Abdulaziz. – Kollejimizda o‘zbek va Yevropa xalqlari taomlarini tayyorlash, mijozlarni ochiq chehra bilan kutib olish, qandolatchilik va novvoylik sirlarini o‘rganyapmiz. Maqsadim – o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash sirlarini puxta o‘zlashtirib, yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarni xushnud etish.
Kasb-hunar o‘rganib, hayotga katta orzu-niyatlar bilan kirib kelayotgan har bir yoshning ishli bo‘lishi jamiyatning katta yutug‘i. O‘quvchisiga mehr bilan bilim bergan, hunar o‘rgatgan sevimli ustozi, farzandining mehnat faoliyatini boshlaganidan mamnun ota-ona quvonchining o‘zi bir olam.
Bugun yosh avlodga zamon talablari darajasida ta’lim berish bilan birga, ularni kelgusida munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash dolzarb vazifaga aylandi. Bunda o‘quv muassasasi – bitiruvchi – ish beruvchi – hokimlik o‘rtasida tuzilgan to‘rt tomonlama shartnomalar qo‘l kelmoqda.
– O‘quvchilar amaliyotini sifatli tashkil etish va ularni kelajakda ish bilan ta’minlash maqsadida poytaxtimizdagi barcha mehmonxona va restoranlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqdamiz, ― deydi Toshkent turizm kolleji direktori o‘rinbosari Nazira Solihova. – Bu yil kollejni 647 o‘quvchi tamomlaydi. Shu kunga qadar ularning 450 ga yaqini turli tashkilotlar bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzdi. O‘quvchilarimiz amaliyot o‘tayotgan korxonalarga borib, ularning rahbarlari, amaliyotchi ustozlarining fikrlarini eshitib, xursand bo‘ldik.
Bitiruvchilarni bo‘lg‘usi ish sharoitlari bilan yaqindan tanishtirish, kollej hamda korxona o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yirik korxona va tashkilotlarga sayohatlar uyushtirilmoqda. O‘quvchilarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish bo‘yicha seminar-trening, uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilmoqda.