"CPHI Milan-2026": xalqaro farmatsevtika kompaniyalari bilan muzokaralar davom etmoqda
Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tayotgan "CPHI Milan-2026" xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov qator xalqaro farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Hindistonning "MSN Laboratories Private Limited" va "Kopran Limited", shuningdek, Polsha farmatsevtika sanoatining yirik vakillaridan biri – "Polpharma Group" kompaniyalari vakillari bilan muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga investitsiya jalb qilish, mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, dori vositalari va farmatsevtik substansiyalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda texnologiyalar transferi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijiy kompaniyalar vakillariga mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va "BioPharma City" innovatsion farmatsevtika klasteri imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA