«A» yo‘lak qoidalarini buzganlar jarimaga tortiladi
Keyingi yillarda mamlakatimiz, ayniqsa, poytaxt yo‘llarida tirbandliklarni kamaytirish, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, birgina Toshkent shahrida avtobuslar soni so‘nggi yillarda 2 barobarga oshdi. Avtobuslar uchun 48,2 kilometr alohida yo‘laklar tashkil etilib, oraliq intervali 2 barobarga qisqartirildi.
Biroq qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transporti samaradorligini yanada oshirishga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Jumladan, qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Natijada yengil transport vositalari mazkur yo‘laklarda bemalol harakatlanib, avtobuslar harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shundan kelib chiqib, jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida mazkur loyiha birinchi o‘qishda ko‘rilar ekan, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni pishiq-puxta holatga keltirish va maromiga yetkazish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi, ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladilar.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA