O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida ilmiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Qozon shahrida amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov hamda Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti R.N.Minnixanov tomonidan 2026–2030-yillarda ikki akademiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Mazkur hujjat 2025-yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining mantiqiy davomi bo‘lib, ikki tomonlama ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish hamda fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamkorlik rejasi fizika-matematika, texnika, kimyo-biologiya, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishlarini qamrab olgan. Unda ustuvor ilmiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, olimlar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjuman va seminarlar tashkil etish hamda ikki akademiya tizimidagi ilmiy tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Rejaning amalga oshirilishi ikki tomonning ilmiy salohiyati va mavjud infratuzilmasidan samarali foydalanish, istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish hamda ilmiy ishlanmalar natijalarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi.
Shuningdek, hamkorlik doirasida yosh olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilmiy kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashish va yosh avlod vakillarining xalqaro ilmiy loyihalardagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Umuman, mazkur kelishuv O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi an’anaviy ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli ilmiy sheriklikni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni aniq amaliy natijalar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA